AOKAda Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tomonidan brifing tashkil etildi. Soha vakillari ma’lumotlariga ko‘ra, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Toshkent davlat transport universiteti bilan hamkorlikda yuqori malakali ilmiy va muhandis kadrlar tayyorlash hamda ularni ilmiy faoliyatga keng yo‘naltirish borasida hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Toshkent davlat transport universitetining ilmiy xodimlari tomonidan tajriba-sinov ishlarini o‘tkazish, ilmiy-tadqiqot va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda o‘quv jarayonini amaliyot bilan bog‘lash maqsadida o‘quv-ilmiy poligonlarini tashkil etish hamda ushbu poligonlarda sohaga innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish, yo‘l qurilish-ta’mirlash ishlariga yangi materiallarni tatbiq etish bo‘yicha tajriba-sinov ishlarini olib borish belgilandi. Universitet talabalarining nazariy bilimlarini mustahkamlash maqsadida qo‘mitaning tizim tashkilotlarida ularning ishlab chiqarish amaliyoti tashkil etilmoqda.
2025 yildan boshlab yo‘l qurilishi ob’ektlarida loyihani muhandislik boshqarish va texnik nazorat qilish ishlarini Xalqaro muhandis-konsultantlar federatsiyasi (FIDIC) amaliyoti va qoidalariga muvofiq amalga oshirilishidan kelib chiqib, Toshkent davlat transport universitetida FIDIC yo‘nalishi bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etiladi. Xalqaro reytinglarda birinchi 1000 talik ro‘yxatga kiruvchi xorijiy universitetlarga sohadagi ilmiy faoliyat yo‘nalishidagi tashkilotlarning hamda Toshkent davlat transport universitetining yosh pedagoglari va doktorantlarini malaka oshirish va stajirovkaga yuborishni yo‘lga quyish yuzasidan amaliy ishlar olib borilmoqda.
Toshkent davlat transport universiteti “Avtomobil yo‘llari muhandisligi” fakultetining 5 nafar iqtidorli talabasiga “Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi stipendiyasi” joriy etilmoqda. Innovatsion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi va “El-yurt umidi” jamg‘armasi bilan hamkorlikda iqtidorli yosh olimlarning yetakchi xorijiy ilmiy markazlarda qisqa muddatli ilmiy stajirovkalarini tashkillashtirish, o‘qish va malaka oshirishiga ko‘maklashish, ularning xalqaro ilmiy-texnik konferensiyalarda va ilmiy loyihalarda ishtiroki, ilmiy ishlarining nashr etilishiga ko‘maklashishi yo‘lga qo‘yilmoqda.
Bundan tashqari, ilm-fanni rivojlantirishning zamonaviy infratuzilmasini yaratish maqsadida sohadagi ilmiy tashkilotlarning laboratoriyalari zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlanadi hamda butlovchi qismlar bilan ta’minlanadi. Hududlarda ilmiy laboratoriyalar tarmog‘i yaratilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bundan ko‘zlangan asosiy maqsad sohada avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ob’ektlarida bajarilayotgan ishlarning sifatini oshirishdir.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA