Ikki haftadan buyon yurtimizda hukm surayotgan anomal sovuq hamda yoqqan qalin qor oqibatida Andijon viloyatidagi barcha avtomobil yo‘llarida muzlamalar yuzaga kelgan.
Qor yoqqan dastlabki kundan boshlab Andijon viloyati avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi hamda uning tuman, shahar bo‘limlari tomonidan maxsus shtablar, yo‘llarni tezkor tozalash brigadalari tashkil etildi. Avtomobil yo‘llarini qordan tozalash, yuzaga kelgan nosozlik va muzlamalarni bartaraf etish bo‘yicha zarur barcha ishlar amalga oshirildi.
[gallery-10367]
Andijon shahrining markaziy ko‘chalari, tuman va shahar markazlariga olib boruvchi asosiy yo‘llarning salmoqli qismi qordan tozalanib, muzlamasligi uchun yo‘llarga qum hamda tuz aralashmalari sepildi, transport vositalarining harakatlanishi uchun qulayliklar yaratildi. Sovuq, qorli ana shu kunlar davomida hududiy bo‘limlar xodimlaridan tarkib topgan 500 nafardan ortiq yo‘lsozlar tinim bilmay mehnat qilmoqda. Bundan tashqari, viloyat hududidagi umumfoydalanuvdagi avtomobil yo‘llarini obod qilish, qor va muzlardan tozalash uchun 20 dan ortiq maxsus texnika vositalari jalb etilgan.
Olib borilayotgan ishlar natijasida transport vositalari va piyodalarning xavfsiz harakatlanishi ta’minlanmoqda. Avtomobil yo‘llarini muz qoldiqlaridan tozalash borasidagi ishlar davom etmoqda. bugungi kun qahramoniga aylangan yo‘lsozlar samarali ishlashi uchun zarur ish qurollari bilan ta’minlanmoqda, viloyat avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi tomonidan tushlik uchun issiq ovqat tayyorlab berilmoqda. Ayni kunda avtomobil yo‘llarini qor va muz qoldiqlaridan tozalash ishlari viloyatning barcha tuman va shaharlarida qizg‘in davom etmoqda, yo‘llardagi nosozliklar bartaraf etilmoqda.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA