E’lonlarga ko‘z yugurtirar ekanmiz, ular zamirida ba’zan g‘arazli maqsad, shum niyat yashiringani xayolimizga ham kelmaydi. Ammo farg‘onalik bir yigit OLXdagi e’lon tufayli o‘z hayotini xavf ostida qoldirdi.
Avtoe’lonlar ruknidagi arzon narxdagi “Damas” rusumli mashina yigitning e’tiborini tortgan edi. Chunki, o‘zi usta bo‘lgani uchun ham avariyaga uchragan bu ulovni ta’mirlab olishni o‘ylagandi.

Shu maqsadda u e’lon egasiga qo‘ng‘iroq qiladi. Toshkent shahrida yashovchi fuqaro qo‘ng‘iroqqa javob berar ekan, mashina o‘ziniki ekanligi, sotishga tayyorligini bildiradi. “Olmoqchi bo‘lsangiz 100 dollar zakalat pulini kartamga tashlab bering”, deydi u.
Shu tariqa, farg‘onalik D.M. toshkentlik A.B.ning kartasiga 1,2 million so‘mdan ko‘proq pulni o‘tkazib beradi. Bir necha kun o‘tib xaridor “Damas”ni qonuniy sotib olish uchun poytaxtga keladi.
Ammo ish xaridor o‘ylaganchalik oson kechmaydi. Chunki, sotuvchi turli bahonalar bilan oldi-sotdi ishini orqaga suradi. Eng yomoni, “Damas” aslida unga tegishli emas edi.
A.B. sinfdoshining iltimosiga ko‘ra “Damas” sotilishi haqidagi e’lonni OLX tarmog‘iga joylagan. Lekin o‘rtog‘i fikridan qaytib, e’lonni o‘chirib tashlashni so‘raganiga qaramay, A.B. negadir e’lonni o‘chirmagandi...
Xaridorning katta pul bilan kelgani A.B.ning oromini o‘g‘irlab, bosqinchilik yo‘li bilan pullarni qo‘lga kiritish rejasini tuzadi.
– G‘arazli maqsad endigina 20 yoshga kirgan bir yigitni jinoyat yo‘liga boshlagan, - deydi Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tumani sudi sudyasi Sarvar Mamadiyev. – Hali bir ishning boshini tutmagan, ishsiz bo‘lgan fuqaro A.B. qanday bo‘lmasin birovning pulini qo‘lga kiritishni o‘ylagani uni katta hayot yo‘lining boshidayoq qattiq adashtirdi. Chunki, u avtomobil sotib olish uchun o‘zi bilan 4,5 ming AQSH dollari miqdoridagi pul bilan kelgan xaridor D.M.ni qasddan o‘ldirishni maqsad qilgan.
Ular Chilonzor tumani Bekto‘pi mahallasida joylashgan avtoturargohda uchrashadi. Shu yerda hech kim yo‘qligidan foydalanib, A.B. o‘zi bilan olib kelgan oshxona pichog‘i bilan D.M.ga hujum qiladi. Badanining turli sohalariga bir necha bor tan jarohati yetkazadi. D.M. unga qarshilik ko‘rsatib, yordam so‘rab baqiradi. Shuda avtoturargoh qorovulining voqea joyiga kelib qolgani tufayli A.B. jinoiy harakatini oxiriga yetkaza olmaydi va voqea joyidan yashirinadi.
Tan jarohatlari olgan D.M. zudlik bilan shifoxonaga olib borilgan. Unga malakali tibbiy yordam ko‘rsatilishi natijasida hayoti saqlab qolingan.
Sudga oid tibbiyot ekspertizasining xulosasiga ko‘ra, D.M.ning tanasida o‘tkir sanchib-kesuvchi jism ta’sirida bir necha jarohatlar yetkazilgani tasdiqlandi. Umuman, unga o‘rtacha og‘ir tan jarohatlari yetkazilgani aniqlangan.
Sudlanuvchi A.B. sud majlisida aybiga qisman iqrorligini bildirdi.
Sud sudlanuvchi A.B.ning jinoyat sodir etishdagi aybi, o‘zining aybiga qisman iqror bo‘lib bergan ko‘rsatuvi, jabrlanuvchi va guvohlarning ko‘rsatuvlaridan tashqari, taraflarning roziligi bilan sud majlisida o‘qib eshittirilib, tekshirilgan guvohlarning dastlabki tergov davrida bergan ko‘rsatuvlari, tushuntirish xatlari, hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirish, ashyoni olish, ko‘rsatmalarni hodisa joyida tekshirish, narsani ko‘zdan kechirish, yuzlashtirish, narsani tanib olish uchun ko‘rsatish, shaxsni tanib olish uchun ko‘rsatish bayonnomalari, sudga oid tibbiy, kriminalistika, biologik ekspertizalarining xulosalari, narsani ashyoviy dalil deb topish to‘g‘risidagi qaror hamda jinoyat ishi bo‘yicha barcha to‘plangan, tekshirilgan, ishga aloqadorligi, maqbulligi va ishonchliligi nuqtai nazaridan baholangan dalillar bilan to‘liq isbotlandi, deb topdi.
Sud A.B.ga nisbatan jazo turi va miqdorini tayinlashda uning xatti-harakatlarida Jinoyat kodeksining 56-moddasida nazarda tutilgan jazoni og‘irlashtiruvchi holatlar mavjud emasligini inobatga olib, aybiga qisman iqror bo‘lib, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligini jazoni yengillashtiruvchi holatlar deb baholadi.
Sud A.B.ni Jinoyat kodeksining 25,97-moddasi 2-qismi “i” bandi, 168-moddasi 1-qismi va 164-moddasi 2-qismi “a,v” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli, deb topdi. > A: Unga Jinoyat kodeksining 59, 61-moddalari tartibida, tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil o‘tash uchun 15 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Tayinlangan jazo umumiy tartibli koloniyalarda o‘talishi qayd etildi. A.B.ga nisbatan qo‘llanilgan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi aslicha qoldirildi.
Bu voqea qing‘ir ishning oqibati yaxshi bo‘lmasligining yana bir isbotidir. Bundan xulosa chiqarish zarur. Halol yashash, mehnat qilib pul topish – eng to‘g‘ri yo‘l ekanini anglash kerak.
Norgul Abduraimova, O‘zA