Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Avtomobil sotib olishda endi yengillik bor, biroq...
09:19 / 2022-01-10

Ko‘chalarimiz yengil avtomobillarga to‘lib borayotgani hech kimga sir emas. Bu bir tomondan farovonlik belgisi bo‘lishi bilan birga ayrim noqulayliklarni keltirib chiqarayotgani ham rost.

Avtomobil narx-navosi, uni sotib olish bilan bog‘liq to‘lovlar va uning yonilg‘isiga oid muammolar ham yo‘q emas. Ammo shunga qaramay avtomobillarga bo‘lgan ehtiyoj doim mavjud.  Axir avtombillar uzog‘imizni yaqin, yukimizni yengil qiluvchi muhim vosita. 

O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan avtombillar narxi qimmatligi haqida ko‘p bahslar bo‘lgan. Lekin gap bugun bu haqida emas...

Avtomobil sotib olishdagi turli to‘lov va yig‘imlar ham dard ustiga chipqondek odamlarni qiynab kelayotgan edi. Bu borada joriy yilda birmuncha yengillik yaratilib, amaliyotga joriy etildi. Bu qanday yengillik? 

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga muvofiq, yangi yilgacha avtotransport vositalarini sotib olganlik uchun yig‘im undirilar edi. 

Ya’ni shunday vositalar O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi organlarida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilayotganda, qayta ro‘yxatdan o‘tkazilayotganda avtomobil holatidan, narxidan kelib chiqib, uch foizlik yig‘im undirilar edi. 

Endilikda qonunchilikka kiritilgan o‘zgarishga ko‘ra, 2022 yil 1 yanvardan avtotransport vositalarini sotib olib, uni O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi organlarida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilayotganda, qayta ro‘yxatdan o‘tkazilayotganda ana shu yig‘im undirilmaydi. 

Shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, bu yangilik va yengillik amaliyotda ayrim muammolarni ham keltirib chiqarmoqda. Yangilikni eshitib “endi avtomobil sotib olayotganda bir so‘m ham to‘lamas ekanmiz”, deb o‘ylayotgan kishilar ham uchrab turibdi. 

- Fuqarolar avtomobil sotib olib, uni o‘z nomiga rasmiylashtirganida davlat boji, notarial xizmat haqidan tashqari avtomobilning holatidan kelib chiqib ham davlatga yig‘im to‘lar edi, - deydi O‘zbekiston Notarial palatasi Toshkent shahar hududiy boshqarmasi boshlig‘i Bahodir Zoirov. – Bularning hammasini birlashtirganda esa katta mablag‘ kelib chiqar edi.  Misol uchun, yangi “Kaptiva” sotib olgan shaxs uni o‘z nomiga rasmiylashtirayotganda davlat boji va boshqa to‘lovlardan tashqari kamida 6-7 million so‘m qo‘shimcha xarajat qilar edi. Endilikda faqat mana shu yig‘im bekor qilindi. Qolgan to‘lovlar esa to‘lanishi kerak. “Kaptiva” misolida fikrimizni davom ettiradigan bo‘lsa, bunday avtomobilni nomiga rasmiylashtirayotgan fuqaro 2 million 800 mingga yaqin to‘lov to‘laydi. Bunda avtomashinaning ishlab chiqarilgan yili hisobga olinadi, albatta. 

Shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, yig‘imning bekor qilingani ham katta qulaylik bo‘ldi. Chunki ko‘pchilik fuqarolar avtomobil sotib olishga olib, uni rasmiylashtirishga kelganda to‘lovlar ko‘pligi uchun bundan o‘zini olib qochishga urinar, avtomobilini  ishonchnoma orqali boshqarib yuraverar edi. 

2021 yil davomida mutlaqo begona bo‘lgan, ya’ni qarindosh bo‘lmagan 200 mingga yaqin fuqaro ishonchnoma rasmiylashtirish orqali avtomobil boshqargan. 

Ayrimlar avtomobilning ruli o‘zimda, kim ham uni mendan tortib oladi, deb o‘ylagandir, balki? Biroq, ishonchnoma orqali olingan mulkka nisbatan o‘sha haydovchining hech qanday mulkiy  huquqi bo‘lmas edi. Chunki mulk egasi istagan vaqtda ishonchnomani bekor qilib, mulkni qaytarib olishga yoki boshqa shaxsga sotib yuborishga  haqli. Mana shunday holatlar, afsuski, uchrab turar edi.      

Shu kunlarda davlat bojlarini takomillashtirish, soddalashtirish ustida ish olib borilmoqda. Ya’ni davlat bojiga oid qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilmoqda. Avtomobil sotib olish jarayonida to‘lanadigan davlat bojini kamaytirish bo‘yicha ham takliflar bildirilgan. Agar bu amalga oshsa, fuqarolarimizning sotib olgan avtombillarini o‘z nomiga rasmiylashtirishdagi barcha murakkabliklar barham topadi. 

                                                   

     Norgul Abduraimova, O‘zA