Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Avtomobil sanoatida mahalliy kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlik kengaymoqda
10:53 / 2025-07-18

"O‘zavtosanoat" AJ qoshidagi «Cooperation Lab» tarmoqlararo kooperatsiyani rivojlantirish markazida avtomobil sanoatida ishlatiladigan import kimyoviy mahsulotlarni tahlil qilish va ularni mahalliylashtirishga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda "O‘zkimyosanoat" AJ boshqaruvi raisi Odil Temirov, "O‘zavtosanoat" AJ raisi o‘rinbosari Bahodirjon  Rahmonov, shuningdek, har ikki tarmoqqa mansub korxonalarning tegishli rahbar va mutaxassislari ishtirok etdi.  

Muloqot davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining mahalliylashtirishni chuqurlashtirish, tarmoqlararo kooperatsiyani kengaytirish va importni maqbullashtirishga qaratilgan ustuvor vazifalari ijrosiga urg‘u berildi. Unda  

import kimyoviy mahsulotlarni tahlil qilish, ularni mahalliy sharoitda ishlab chiqarish imkoniyatlarini o‘rganish va mahalliylashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.  

Uchrashuv avvalida "O‘zavtosanoat" AJ qoshidagi "Cooperation Lab"da avtomobil sanoatida ishlatiladigan asosiy import kimyoviy mahsulotlar haqida taqdimot o‘tkazildi. Unda mahsulotlarning yillik import hajmi, ularning qanday avtomobilsozlik korxonalarida va qaysi texnologik maqsadlarda qo‘llanilayotgani haqida aniq ma’lumotlar berildi.  

Muzokaralar davomida "O‘zkimyosanoat" AJ mutaxassislari ushbu mahsulotlarning kimyoviy tarkibi, ularni mahalliy ishlab chiqarish imkoniyatlarini chuqur tahlil qildi. Natijada 2025-2027 yillar uchun innovatsiya va diversifikatsiya, 2026-2030 yillar uchun esa investitsiya loyihalari asosida mahalliylashtirish imkoniyatlari shakllantirildi.

Ilk tahlillar natijasida bir qator yo‘nalishlar bo‘yicha loyiha takliflari ishlab chiqildi. Jumladan, umumiy qiymati 234,4 ming dollarlik 2 ta innovatsion loyiha, 5,6 million dollarlik 5 ta investitsion loyiha hamda 10,75 million dollarlik 7 ta diversifikatsiya loyihasi taklif qilindi.  

Uchrashuvda ma’lum qilinganidek,  2030 yilgacha mazkur 14 ta loyiha orqali avtomobil sanoatidagi import hajmini 69 million dollargacha qisqartirish imkoniyati mavjud.  

Jamiyat axborot xizmatiga ko‘ra, muloqot yakunida har ikki tarmoq vakillari kimyoviy mahsulotlarni mahalliylashtirish sohasida amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishib oldi. Unda  belgilangan yo‘nalishlarda ilmiy-texnikaviy hamkorlikni kengaytirish, tarmoqlararo kooperatsiyani mustahkamlash, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni rag‘batlantirish va xususiy sektor ishtirokini oshirish bo‘yicha bir qator taklif va tashabbuslar ham ilgari surildi.  

N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA