Avtomobil gaz balloni bilan bog‘liq ko‘ngilsiz holatlar oldi olinmoqda
Toshkent viloyati bo‘yicha oxirgi 8 oyda avtotransport vositalarining 372 tasida o‘rnatilgan gaz ballonlari nosoz ekani aniqlandi.
Bunda o‘rnatilgan gaz ballonlarning talabga javob bermasligi, tegishli ruxsat olmay o‘rnatib olingani, Vazirlar Mahkamasining 2020 yildagi tegishli qarori talablari bajarilmagani ko‘plab qonun buzilishlarga sabab bo‘lgan.

Shu tufayli mazkur holat yuzasidan haydovchilarga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Avtoulovlar vaqtinchalik jarima maydoniga qo‘yildi. Shuningdek, avtoulovlarni jarima maydonidan chiqarish vaqtida noqonuniy gaz ballonlar yechildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hozir hududdagi jismoniy shaxslarga tegishli jami avtomobillar soni 324 ming 154 tani tashkil etmoqda. Agar tizimli ravishda o‘rganiladigan bo‘lsa yuqoridagi qonun buzilish holatlari yanada ko‘proq bo‘lishi mumkin.
A.MUSAEV,
O‘zA