English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Avtomobil ehtiyot qismlari savdo majmuasi ochildi
19:14 / 2023-11-01

Prezident tashrifidan so‘ng

Samarqand tumanida “AVTO MALL SAMARQAND” mas’uliyati cheklangan jamiyatining avtomobil ehtiyot qismlari savdo majmuasi ish boshladi.

Joriy yilning avgust oyida Samarqandga tashrif buyurgan Prezidentimiz mazkur bozorni o‘z ichiga olgan savdo, sanoat va servis majmuasi qurilish maydonida bo‘lgandi. 37 gektar hududni egallagan majmuada umumiy qiymati 2 trillion 79 milliard so‘mlik 7 ta loyiha amalga oshirilmoqda.  

Avtomobil ehtiyot qismlari bozori ushbu loyihalarning eng yirigi hisoblanadi va 11 gektar maydonda barpo etildi.  

Davlatimiz rahbari o‘n mingga yaqin ish o‘rni yaratiladagin loyihalarni tezlashtirish, ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, ishsiz aholi bandligini ta’minlash muhimligini ta’kidlagandi.

[gallery-14336]

“Nurli kelajak ishonch servis” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 500 milliard so‘mlik loyiha asosida bunyod etilgan majmuaning ochilish marosimida viloyat jamoatchiligi vakillari, tadbirkorlar ishtirok etdi.

– Ushbu savdo markazi “Univer Pro Stile” MCHJ loyihasi asosida bunyod etildi, – deydi “Nurli kelajak ishonch servis" MCHJ rahbari Akbarali Qayumov. – Majmuaning birinchi qavatida avtomobil ehtiyot qismlari savdosiga mo‘ljallangan 751 ta savdo do‘koni, 2 ta avtosalon, bank shoxobchalari va yengil avtomabillarga texnik xizmat ko‘rsatish nuqtalari mavjud. Shuningdek, 2300 ta avtomobil sig‘imiga ega avtoturargoh o‘rin olgan. Ikkinchi qavatda esa kafe va restoranlar, tibbiy xizmat ko‘rsatish xonasi, trenajer zali, ma’muriy xonalar tashkil etilgan. Mazkur ob’ekt ish boshlashi bilan 3 mingta yangi ish o‘rni yaratildi.  

Savdo markazi Samarqand shahri markazidan 10 kilometr masofada Samarqand xalqa yo‘li bo‘yida joylashgani xaridorlar uchun qulaylik yaratadi.  

– Bu yerlar jarlik, noteks va tashlandiq joy edi, endi esa qishlog‘imiz atrofi sanoat, xizmat ko‘rsatish hududiga aylandi, – deydi Samarqand tumanidagi Do‘stlik mahallasi hokim yordamchisi Bahodir Abdurahmonov. – Bizning mahallamiz aholisi asosan qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullanadi. Bozor ishga tushgach, yuzlab mahalladoshlarimiz shu yerda ishga joylashib, doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi. Umuman, bozor atrofidagi to‘rt-besh mahalladan ko‘plab kishilar endi shu yerdan daromad topishi mumkin.

G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat),

O‘zA muxbirlari