English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Avtomashina salonida 500 dona patron borligi aniqlandi
10:50 / 2026-02-11

Ularni olib yurgan shaxs o‘z vaqtida buni ichki ishlar organiga topshirganida pul mukofoti olar edi, ammo endi u javobgarlikka tortilishi aniq.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan olib borilayotgan profilaktik ishlarga qaramay, turli qurollarga  noqonuniy egalik qilish, uyda saqlash, ko‘cha-ko‘yda olib yurish bilan bog‘liq holatlar uchrab turibdi.  

Bunday holatlarga chek qo‘yish, aholi xavfsizligini ta’minlash maqsadida o‘qotar qurol va uning o‘q-dorilarini tegishli organlarga ixtiyoriy ravishda topshirgan shaxslar rag‘batlantirilmoqda.  

Aytib o‘tish kerakki, Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 25 martdagi   «Ro‘yxatga olinmagan o‘qotar qurol va uning o‘q-dorilarini, portlovchi materiallar va portlatish qurilmalarini ichki ishlar organlariga o‘z ixtiyori bilan topshirish hamda o‘qotar qurol va uning o‘q-dorilarini topshirganlik uchun taqdirlash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Qarorga muvofiq, jismoniy shaxs ichki ishlar organiga yoki profilaktika  inspektoriga murojaat qiladi. Qurolni yoki uning o‘q-dorilarini topshiradi. Shu kunning o‘zida ichki ishlar organi ularni qabul qilib oladi va hisobga olib, kvitansiya rasmiylashtiradi.  

Qurol yoki o‘q-dorilarni ixtiyoriy topshirganlik uchun BHMning 5 dan 500 foizigacha miqdorda mukofot ko‘zda tutilgan. Agar qurol shikastlangan bo‘lsa, mukofot miqdori ikki baravarga kamayadi.

Narkotiklar va o‘qotar qurollarni nazorat qilish agentligidan ma’lum qilishlaricha, ayni paytda o‘qotar qurollar noqonuniy muomalasining oldini olishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

Ichki ishlar vazirligi tomonidan qurol va o‘q-dorilarining noqonuniy muomalasining oldini olish hamda aholi tomonidan ularni ixtiyoriy ravishda topshirishga qaratilgan kompleks targ‘ibot-tashviqot va tezkor-profilaktik tadbirlari tizimli ravishda tashkil etilmoqda.  

O‘tkazilgan tadbirlar natijasida yil boshidan buyon qurolni aniqlab, noqonuniy muomaladan olib qo‘yish bo‘yicha 181 holat qayd etilgan. Bu boradagi eng ko‘p holat Toshkent shahri (56), Namangan viloyati (69) va Farg‘ona viloyati (49)ga to‘g‘ri kelgan.  

Jumladan, Navoiy viloyatida o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbiri davomida G‘ijduvon tumanida yashovchi H.N. boshqaruvidagi avtomashina salonida o‘nta  o‘ramga joylangan 500 dona patron mavjudligi aniqlandi. Ushbu holat huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan rasmiylashtirilib, qonunni buzgan shaxsga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.  

Shu bilan birga, mahalla yettiligi va faollar imkoniyatlaridan samarali foydalangan holda, ro‘yxatga olinmagan qurollar, ularning o‘q-dorilarini ichki ishlar organlariga ixtiyoriy ravishda topshirish tartibi, qurol topshirgan shaxslarni rag‘batlantirish choralari haqida aholi o‘rtasida keng ko‘lamli tushuntirish ishlari olib borilmoqda.  

Yil boshidan buyon ushbu yo‘nalishda jami 319 targ‘ibot-tashviqot tadbiri tashkil etildi. Natijada yanvar oyidan buyon 195 holatda fuqarolar qurol va o‘q-dorilarni ixtiyoriy ravishda topshirgan.

Masalan, Sirdaryo viloyati Xovos tumanida yashovchi G.S. o‘z yashash xonadonga qarashli molxona tomining nuragan qismini tozalash jarayonida marhum bobosiga tegishli bo‘lgan “IJ-58M” rusumli, 16 kalibrli, raqamsiz ov qurolini topib, uni o‘z ixtiyori bilan tuman ichki ishlar bo‘limiga topshirdi.

Mazkur profilaktik va targ‘ibot tadbirlari respublika bo‘ylab izchil davom ettirilmoqda.

Norgul Abduraimova, O‘zA