Joriy yil 8 aprel kuni soat 00:15 larda noma’lum shaxs Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumanida yashovchi 36 yoshli R.A.ga tegishli moviy rangli “Cobalt” rusumli avtomashinani uyining oldida turgan joyidan olib qochib, ushbu avtomashinani To‘rtko‘l tumani Sharq tor ko‘chasida qoldirib, hodisa joyidan yashiringan.
Olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida ushbu jinoyatni 15 yoshli voyaga yetmagan I.A. va K.B.lar bir guruh bo‘lib oldindan jinoiy til biriktirib, sodir etganligi aniqlanib, qonunbuzarlar ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan To‘rtko‘l tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 267-moddasi 2-qismi “b” bandi (transport vositasini olib qochish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Jinoyat ishi doirasida gumonlanuvchilar so‘roq qilinib, ulardan nima sababdan ushbu jinoyatga qo‘l urganliklari so‘ralganda, voyaga yetmaganlar 6 aprel kuni jabrlanuvchining uyi yonidan o‘tib ketayotgan vaqtida mazkur avtomashina qarovsiz, eshiklari ochiq hamda kaliti o‘zida bo‘lganligidan foydalanib, avtomashinaning kalitini o‘g‘irlab, hodisa joyidan yashiringanligini aytishgan. Ikki kun o‘tib, avtomashina joyida turganligidan foydalanib, uni avval o‘g‘irlab ketgan kaliti yordamida ochib, shunchaki avtomashinani boshqarish uchun olib qochishganliklarini ma’lum qilgan.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Dovud ABIBULLAEV, O‘zA