Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Avtomashina g‘ildiragi o‘g‘rilari qo‘lga tushdi
14:59 / 2022-01-07

Avtomashinangizni uyingiz yoniga qo‘yib, ertalab turib qarasangiz to‘rt g‘ildiragi yo‘q bo‘lsa. Bunday o‘g‘rilik har qanday kishini hangu man qilishi aniq. Farg‘ona viloyatida ana shu ish bilan shug‘ullangan “uddaburonlar” qo‘lga tushib sud hukmi bilan jazo tayinlandi. Bu haqida jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona shahar sudi sudyasi Mahkamjon Abdubannapov ma’lum qildi.

Sudlanuvchilar Shodiyor Shokirov, Sardor Nizomov va Maxsad Ikromov 18-20 yoshda bo‘lib, navqiron yoshligini boy berdi. Uchalasi muqaddam bir necha bor sudlangan, qamoq jazosi ham tayinlangan. Shunday bo‘lsada, qilgan xatolaridan to‘g‘ri xulosa chiqarishmadi. Osongina pul topishni o‘ylab, o‘zgalarning mulkiga ko‘z olaytirdi.

Ular 2021 yil 10 yanvar kuniga o‘tar kechasi soat 00:30 larda Andijon viloyati, Shahrixon tumani “Vahim” mahalla fuqarolar yig‘inidagi uy oldida qarovsiz holda turgan, ushbu xonadonda yashovchi S.Obidovga qarashli “Cobalt” rusumli avtomashinani ikki dona g‘ildiragini yechib olib, talon-taroj qilgan. Bu ishlarini davom ettirib, shu mahalladagi R.Rahimovga qarashli “Nexia-2” rusumli avtomashinani to‘rt dona g‘ildiragini yechib olib o‘rniga g‘isht qo‘yib qo‘yishgan. 

O‘g‘rilarning navbatdagi manzili Farg‘ona shahri bo‘ldi. O‘tgan yilning 20 yanvar kuniga o‘tar kechasi soat 00:30 larda Turon ko‘chasida turgan M.Marasulovga qarashli bo‘lgan “Cobalt” rusumli avtomashinaning 5 million so‘mlik to‘rt dona g‘ildiragi ularning o‘ljasiga aylandi. Ular g‘ildiraklarni noma’lum shaxsga 200 AQSH dollariga sotib yuborgan. Pullarni taqsimlab, o‘z ehtiyojlariga sarflagan. Xuddi shu kuni Farg‘ona ko‘chasi, 53-ko‘p qavatli uyning oldida turgan Sh.Azimovga qarashli bo‘lgan “Lasetti” rusumli avtomashinaning to‘rt dona g‘ildiragini yechib olib, sotib yuborishgan. Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor qidiruv ishlari davomida o‘g‘rilarning qilmishi fosh etildi. Ma’lum bo‘lishicha, ular mazkur jinoyatlarni Namangan, Andijon va Farg‘ona viloyatlarida ham sodir etgan.

Sud hukmiga ko‘ra, Sh. Shokirov 5 yil 6 oy, S. Nizomov va M. Ikromov 5 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Shuningdek, jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy zarar undirilishi belgilandi.

 

M. Sulaymonov, O‘zA