Namangan viloyati Kosonsoy tumani Olmazor mahallasining tog‘li hududida joylashgan “Savanna” turizm va sport maskanida Farg‘ona vodiysida ilk marotaba avtokross bo‘yicha “OFF ROAD” xalqaro turnir o‘tkazildi.
Prezidentimizning 2016 yil 2 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida Namangan viloyati turizm boshqarmasi, “Savanna” turizm kompaniyasi, Kosonsoy tumani hokimligi hamkorligida uyushtirilgan ushbu musobaqada Namangan, Andijon, Farg‘ona, Toshkent viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Qirg‘iz Respublikasi, Qozog‘iston, Tojikiston, Rossiya Federatsiyasidan kelgan 50 dan ziyod sport klublari 60 dan ortiq zamonaviy texnikalari bilan ishtirok etdi.
[gallery-23184]
Turnirning tantanali ochilish marosimida Kosonsoy tumani hokimi Dilmurod Qodirov, “Savanna” turizm kompaniyasidan Raim Maqsudov bunday xalqaro darajadagi musobaqalar turizm rivoji, ayniqsa, ekstremal va tog‘ turizmini yuqori darajaga olib chiqish, qolaversa sportning texnik-amaliy turi ommalashuvida muhim omil bo‘lib xizmat qilishini ta’kidladi.
O‘n besh mingdan ziyod tomoshabinlar ko‘z o‘ngida murosasiz tarzda o‘tgan musobaqada tajribali avtoturistlar “Lada”, “Niva”, “Nissan”, “Sanyong Korando” kabi rusumdagi avtomashinalarda to‘g‘onlar, balandliklar, loy va tog‘li yo‘llardan o‘tish bo‘yicha mahoratini namoyon qildi.
Musobaqa nizomiga ko‘ra, 40+5 daqiqa mobaynida uchta yo‘nalishda belgilangan marrani zabt etib, yuqori natijalarga erishgan faol ishtirokchilar g‘olib-sovrindorlar sifatida tashkilotchilar tomonidan munosib ravishda taqdirlandi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA