Avtobuslarda chiptasiz yurgan yo‘lovchilarga jarima qo‘llanilmoqda
Ma’lumki, aholiga qulaylik yaratish maqsadida jamoat transportida to‘lovlar elektron tizimga o‘tkazildi. Taassufki, bunday qulaylikning qadriga yetish o‘rniga, qoidabuzarlik qilayotgan yo‘lovchilar ham uchrab turibdi.
“Toshkent shahar yo‘lovchi tashishni monitoring va nazorat qilish” davlat muassasasi nazoratchilari tomonidan avtobuslarda yo‘l haqini to‘lamasdan harakatlanayotgan yo‘lovchilarga qarshi kuchaytirilgan reyd tadbirlari olib borilmoqda.
Avtobuslarda chiptasiz yurgan yo‘lovchilarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 144-moddasi 5-qismiga asosan jarimalar qo‘llanilmoqda. O‘tgan oyda 11 ming 502 ta ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.
Unutmaslik lozimki, islohotlar markazida avvalo inson qadri turadi. Shunday ekan, taraqqiyotimiz ildiziga o‘zimiz bolta urmaylik.
Sherbek Islomov, O‘zA