Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Avtobuslar harakati onlayn kuzatiladi
18:10 / 2017-01-26

Bugungi kunda Toshkent shahridagi 20 dan ziyod avtobus oraliq bekatlariga elektron tablolar o‘rnatildi. Yo‘nalish raqami hamda bekat nomidan tashqari avtobuslarning qancha vaqtda bekatga yetib kelishi, valyutalar kursi hamda ob-havo ma’lumotlari onlayn rejimda aks etadigan bu kabi axborot qurilmalari sonini yana yuztaga ko‘paytirish rejalashtirilgan.

Bugungi kunda Toshkent shahridagi 20 dan ziyod avtobus oraliq bekatlariga elektron tablolar o‘rnatildi. Yo‘nalish raqami hamda bekat nomidan tashqari avtobuslarning qancha vaqtda bekatga yetib kelishi, valyutalar kursi hamda ob-havo ma’lumotlari onlayn rejimda aks etadigan bu kabi axborot qurilmalari sonini yana yuztaga ko‘paytirish rejalashtirilgan.

«Toshshahartransxizmat» aksiyadorlik jamiyatining 2016-yil faoliyati yakunlari hamda 2017-yildagi rejalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan matbuot anjumanida zamonaviy axborot-kommunikatsiya vositalarining tarmoqqa keng joriy etilayotgani poytaxt jamoat transporti faoliyati samaradorligini oshirishda muhim omil bo‘layotgani qayd etildi.

Korxona faoliyatida Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning 2013-yil 9-oktabrdagi «Toshkent shahrida yo‘lovchi tashish transportini tashkil etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori muhim dasturilamal bo‘layotir.

Bugungi kunda «Toshshahartransxizmat» aksiyadorlik jamiyati korxonalarining 1 ming 350 avtobusida 3 ming 500 dan ziyod haydovchi va chiptachi poytaxt ahli va mehmonlariga xizmat qilmoqda.

O‘tgan yilda jamiyat korxonalari tomonidan 272 milliondan ziyod yo‘lovchi tashildi.

Transport vositalari parkini yangilab borishga qaratilgan chora-tadbirlar samarasida 2016-yilda mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan «Isuzu» rusumli saksonta o‘rta sig‘imli avtobus xarid qilindi. Shu davrda «Toshavtota’mirxizmat» korxonasida 3470 «Mersedes Benz», «Truck and Bus Servis» korxonasida 4850 «Isuzu»ga servis xizmati ko‘rsatildi.

Mavjud 128 yo‘nalishda aholiga transport xizmati ko‘rsatayotgan 1 ming 442 avtobusga GPS trekkerlari va GPS/GSM antennalari o‘rnatilishi bilan harakat intervallariga rioya qilinishi ta’minlanishi yaxshilandi, yo‘nalishli avtobuslarning texnik sabablarga ko‘ra qaytib kirishi va yo‘l harakati qoidalarining buzilishi holatlari keskin qisqardi.

Yo‘lovchilarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish hamda jamoat transportida GPS tizimining ishlashini takomillashtirish maqsadida «Tashbus» mobil ilovasi ishga tushirildi. Android, Apple iOS dasturlarida ishlaydigan mazkur ilovani bugungi kunga qadar 80 mingdan ortiq foydalanuvchi o‘z telefoniga yuklab olgan.

Poytaxt yo‘lovchi tashish korxonalarida yangi ish o‘rinlari yaratish, kollej hamda oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilarining bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. 2016-yilda «Toshshahartransxizmat» aksiyadorlik jamiyati korxonalarida 180 dan ortiq yangi ish o‘rni tashkil etilgan, 160 ga yaqin yigit-qiz ish bilan ta’minlangani buning amaldagi tasdig‘idir.

– Mamlakatimizda avtomobil transporti sohasida aholiga xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash borasida izchil chora-tadbirlar ko‘rilmoqda, – deydi Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari, «Toshshahartransxizmat» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Otabek Sodiqov. – Davlatimiz rahbarining 2017-yil 10-yanvardagi «Aholiga transport xizmati ko‘rsatish hamda shaharlar va qishloqlarda avtobuslarda yo‘lovchilar tashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko‘taradi. Zero, qarorning amalga oshirilishi yo‘lovchilar tashish xavfsizligi, xizmat ko‘rsatish madaniyati va sifatining yuqori darajasi, jamoat transporti yo‘nalishlaridagi transport vositalari harakatining belgilangan jadvallari va oraliqlari maromiga rioya etilishi, avtotransportda yo‘lovchilar tashish sohasida iste’molchilarning huquqlari samarali himoya qilinishi hamda tashuvchilarning moliyaviy barqarorligini ta’minlashga ko‘maklashadi.

Matbuot anjumanida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.