Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Avtobus yo‘laklarida harakatlanadigan shaxsiy avtotransportlarga jarimalar belgilanmoqda
16:04 / 2023-12-13

Parlament quyi palatasida bo‘lib o‘tayotgan “Hukumat soati”da transport vaziri Ilhom Mahkamov transport sohasidagi amaliy ishlar bilan birga, infratuzilmaviy muammolar haqida to‘xtalib o‘tdi:

– Bugungi kunda jamoat transporti muntazam ravishda zamonaviy avtobus va elektrobuslar bilan yangilab borilmoqda. Tadbirkorlarga qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida shahar jamoat transportiga mo‘ljallangan avtobuslar sotib olishda bojxona boji va qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etildi.  

Barcha hududlarda jamoat transporti yo‘nalishlari kengaytirilib, zamonaviy, ekologik toza avtobuslar bilan ta’minlanmoqda. Jumladan, Toshkent shahri jamoat transporti uchun 700 ta tabiiy gazda ishlaydigan avtobus hamda 300 ta elektrobus xarid qilingan. Nukus shahri va viloyat markazlari jamoat transporti uchun 116 ta tabiiy gazda ishlaydigan avtobus olib kelingan.  

Toshkent shahrida 167 ta yangi yo‘nalishdan iborat yangi yo‘nalishlar tarmog‘i tashkil etildi. Kundalik yo‘lovchilar soni 1 milliondan oshdi. Barcha yo‘nalishlar brutto-shartnoma tizimiga o‘tkazildi.  

Markazlashgan dispetcherlik xizmatini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Markazlashgan dispetcherlik xizmatini joriy etish va shu tizimni boshqa shaharlarga tatbiq qilish maqsadida Xitoyning “MAGNETIC NORTH” kompaniyasi bilan hamkorlikda dastur ishlab chiqildi va Toshkent shahrida joriy qilindi. Ushbu dasturda yo‘nalishdagi avtobuslarni onlayn kuzatish, avtobus ish tartibi hisobini yuritish, yo‘lovchilar oqimini aniqlash, yo‘nalishlar va avtokorxonalar kesimida tahlil qilish, haydovchilarni onlayn kuzatish va haydovchi bilan “VoIP” tizimi orqali onlayn bog‘lanish imkoniyatlari yaratilgan. 2024 yildan qolgan barcha shaharlarda ham ushbu dastur asosida dispecherlik xizmatlari tashkil qilinishi belgilangan.  

Sohadagi ishlar bilan birga ayrim muammolar ham mavjud. Ya’ni infratuzilmaviy muammolar tufayli avtobuslar tirbandlikda qolmoqda. Ichki ishlar vazirligi va shahar hokimligi bilan hamkorlikda poytaxtimizning 9 ta ko‘chasida alohida avtobus yo‘laklari tashkil etildi. Mazkur alohida yo‘laklar orqali avtobuslar manziliga tezroq yetib bormoqda. 1 dekabrdan mazkur yo‘laklarda harakatlanadigan shaxsiy avtotransport vositalariga choralar ko‘rilishi ham boshlandi. Kameralar orqali ularga jarimalar belgilanmoqda, – dedi vazir.  

Muhtarama Komilova, O‘zA