“Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Anvar Jo‘rayev ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qilinishicha, mamlakatimizda joriy yilning o‘tgan 11 oyi davomida avtobuslar bilan bog‘liq 94 ta yo‘l-transport hodisasi yuz berdi.
Yig‘ilish davomida avtobus haydovchilarining aybi bilan sodir etilgan 34 ta yo‘l-transport hodisalarining tahlili hamda yo‘l harakati qoidalari buzilishi oqibatida haydovchilarga kelgan jarima qarorlari (videolari) aks etgan lavhalar namoyish etildi.
Bundan tashqari fuqarolar va yo‘lovchilardan kelib tushayotgan tanqidiy murojaatlar ham o‘rganilib, haydovchi va chiptachilarning yo‘nalishda yo‘lovchilar bilan xushmuomala bo‘lishi, yo‘lovchi tashish qoidalariga qat’iy amal qilish, harakat davomida telefondan foydalanmaslik yuzasidan alohida ko‘rsatmalar berib o‘tilgan.
Shuningdek, mutasaddilar tomonidan yo‘lovchi tashishda namunali xizmat ko‘rsatib, yo‘lovchilarning minnatdorchiligiga va ijobiy fikrlariga sazovor bo‘lgan, avtobuslarda joylashtirilgan maxsus QR-kodlar orqali haydovchining faoliyatiga ijobiy baho berildi.
5 ta yulduzcha orqali baholangan 11 nafar avtobus haydovchisi faxriy yorliq hamda pul mukofoti bilan taqdirlandi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA