Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Avtobekatlar yetishmaydi, borlari esa talabga javob bermaydi
12:20 / 2025-08-29

Bugungi kunda aholi soni o‘sib borayotgani sabab barcha sohalarda yangi loyihalarni hayotga tatbiq etishni jadallashtirish lozimligi ko‘rinib turgan haqiqatdir. Bundan aholiga sifatli transport xizmati ko‘rsatish ham mustasno emas, albatta. Shunday ekan, fuqarolarga avtobuslarda sifatli yo‘lovchi tashish transporti xizmatini ko‘rsatish, yo‘nalishlar tarmog‘ini kengaytirish, zamonaviy, ekologik jihatdan toza texnikalarni xarid qilishni jadallashtirish, iqtisodiy yechimlar yuzasidan chet el investitsiyasini jalb qilish muhim ahamiyat kasb etadi.

“Yuksalish” umummilliy harakati ayni shu muhim mezondan kelib chiqqan holda, Namangan viloyatida Prezidentimizning 2025 yil 30 yanvardagi “O‘zbekiston-2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni bo‘yicha tasdiqlangan dastur to‘rtinchi ilova, 12-bandida nazarda tutilgan hududlarda jamoat transporti tizimini rivojlantirish yuzasidan monitoring ishlarini olib bordi. 

Mamlakatimiz rahbarining 2023 yil 16 fevraldagi “Jamoat transporti tizimini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida, Namangan viloyatida aholining yuqori sifatli va qulay yo‘lovchi tashish xizmatlariga bo‘lgan ehtiyojlarini to‘liq qondirish, sohada bozor tamoyillarini joriy etish, xususan moliyalashtirish tizimi va tarif siyosatini takomillashtirish orqali xususiy sektor uchun jozibali biznes muhitini yaratish maqsad qilingan. Shuningdek, hududlarda yo‘lovchi tashish transporti tizimini kompleks rivojlantirish, yo‘lovchilarga sifatli va xavfsiz transport xizmatlarini ko‘rsatish, sohaga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, bekatlarni bugungi kun talablar asosida tashkil etish kabi muhim vazifalar kiritilgan.

Bugungi kunda viloyat markazida o‘ndan ziyod jamoat transporti yo‘nalishlarida ikkita tadbirkorlik sub’ekti tomonidan Xitoy Xalq Respublikasidan keltirilgan yetmishga yaqin zamonaviy avtobuslarda aholiga sifatli yo‘lovchi tashish xizmati ko‘rsatib kelinmoqda. Ammo, tadbirkorlarning sa’y-harakatlariga yarasha mahalliy hokimliklar hamda tegishli mutasaddi tashkilotlar tomonidan avtobuslarning emin-erkin yurishi uchun zarur shart-sharoitlar to‘laqonli ta’minlanmayotgani, avtobekatlar yetishmasligi g‘oyat achinarlidir.

Namangan shahri, Davlatobod va Yangi Namangan tumanlaridagi monitoringda aniqlanishicha, Namangan viloyatida foydalanuvdagi avtomobil yo‘llarida 890 dona avtobekat mavjud, shundan 176 tasi ta’mirtalab, 714 tasi qoniqarli. Mavjud bekatlarning 561 donasi davlat, 329 tasi mahalliy ahamiyatdagi avtomobil yo‘llarida joylashgan.     

Monitoring davomida avtobus bekatlari yo‘lovchilar, shu jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulay shart-sharoitlar ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, aksariyat avtobekatlarda nogironligi bor shaxslarni to‘siqsiz va erkin harakatlanishi uchun qulayliklar yaratilmagan. Shahar markazida joylashgan avtobus bekatlarida ma’lumotlar onlayn aks etuvchi elektron tablolar o‘rnatilmagan. 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 14 noyabrdagi tegishli qarorida “Savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish ob’ektlari mavjud bo‘lgan faoliyat ko‘rsatayotgan avtobus bekatlarida belgilangan minimal talablarni inobatga olgan holda, jamoat transportlari, yo‘lovchilar, shu jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulay va xavfsiz shart-sharoit yaratish” choralarini ko‘rish vazifasi belgilab o‘tilgan. Avtobuslarni ko‘rsatilgan “GPS” navigatoriga asosan mavjud avtobus bekatlari kiritilmagan, natijada harakatlanayotgan avtobuslar ko‘rsatilgan bekatlarda to‘xtamay navigatorning ko‘rsatgichiga amal qilib harakatlanadi. Qolaversa, harakatdagi jamoat transportlarining aksariyati ko‘rsatilgan talab va qoidalarga amal qilmasdan mavjud yo‘l qismiga to‘xtaydi, bu esa nafaqat nogironligi bo‘lgan shaxslarning erkin harakatlanishiga, hatto, sog‘lom fuqarolarga ham noqulayliklar tug‘diradi.

– Hozirgi kunda aholi va transport vositalarini parallel ravishda o‘sib borayotganligini nazarda tutgan holda, avtobuslarda sifatli yo‘lovchi tashish xizmati ko‘rsatish muhim ahamiyat kasb etdi, – deydi “Yuksalish” umummilliy harakati Namangan viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Nargiza Muhammadiyeva. – Navbatdagi monitoring davomida bu borada aniqlangan kamchiliklar yuzasidan viloyat transport boshqarmasi, viloyat avtomobil yo‘llari hududiy boshqarmasi, viloyat iqtisodiyot va moliya boshqarmasi hamda shahar va tuman hokimliklari mutasaddilariga bir qator takliflar berildi. Xususan, avtobus bekatlarini rekonstruksiya qilish bo‘yicha mahalliy byudjet mablag‘lari taqsimoti bo‘yicha takliflar ishlab chiqish zarur. 

Monitoring xulosalaridan kelib chiqqan holda, Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 14 noyabrdagi “Hududlarda jamoat transporti infratuzilmasini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, joriy yil davomida Namangan shahri, Davlatobod va Yangi Namangan tumanlaridagi oliy va professional ta’lim muassasalari, umumta’lim maktablari, shifoxona va poliklinikalar, savdo va xizmat ko‘rsatish maskanlari, bozorlar hududlari atroflarida mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan 91 ta bekat qurilishi rejalashtirildi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri.