Avstraliyada namoyishchilar G‘azoni qo‘llab-quvvatladi
Avstraliyaning ikki yirik shahri – Sidney va Melburnda minglab namoyishchilar Falastinni qo‘llab-quvvatlash uchun yig‘ildi. Ular qamaldagi G‘azo sektori janubi – Rafoh shahriga Isroil quruqlikdan uyushtirgan hujumga qarshi chiqdi, deb yozgan “News.com.au” sayti.
Qo‘llarida Falastin bayrog‘ini ko‘targan olomon urushni to‘xtatishga chaqirdi.
Suratlarda Melburn ahli “Sionizm – irqchilik, irqchilik – fashizm” va “Isroilning aparteid rejimini boykot qilish” shiorlari yozilgan plakatlarni ushlab olgani aks etgan.
Sidneyda esa namoyishchilar “G‘azo sektorida genotsidni to‘xtating!” degan ulkan banner ko‘tarib, Universitet kampusidagi Falastin tarafdorlari lageriga yo‘l olgan.
Onalar kuni namoyishi chog‘ida ba’zi norozilar G‘azo onalari ahvoliga e’tibor qaratdi.
– Onalar kuni bilan! G‘azodagi opa-singillarimiz farzandlari och qolayotgani, yonayotgani va halok bo‘layotganiga guvoh, – deydi yurish ishtirokchilaridan biri.