Avstraliyada jazirama sabab bayram tadbirlari bekor qilindi
Avstraliya hukumati mamlakatning katta qismida kuchli issiq to‘lqini kuzatilayotgani bois, aholiga ogohlantirish e’lon qildi. “BBC” nashri yozishicha, ayrim shaharlarda xavfsizlik sabab ommaviy tadbirlar bekor qilingan.
O‘lka Meteorologiya xizmati ma’lumotiga ko‘ra, ertaga havo harorati ayrim hududlarda 45–48 darajagacha ko‘tarilishi kutilmoqda. Yakshanba kuni Janubiy Avstraliya shtatida harorat 48,5 darajaga yetgan.

Eng yuqori xavf Janubiy Avstraliya va Viktoriya shtatlarida kuzatilmoqda. Shu bois, Adelaida shahrida “Avstraliya kuni”ga bag‘ishlangan parad va chiroqlar shousi bekor qilingan.
Ta’kidlanishicha, ayrim hududlarda jazirama sabab yong‘in xavfi ham yuzaga kelishi mumkin. Xususan, shu kunlarda Viktoriyada bir necha yong‘in o‘choqlari qayd etilgan bo‘lib, ayrim joylarda evakuatsiya choralari ko‘rilmoqda.
Rasmiylar aholiga uyda qolish, quyosh nurlaridan ehtiyot bo‘lish, derazalarni yopib, uyni salqin saqlash kabi tavsiyalar bermoqda.
D.Hakimov, O‘zA