Avstraliya Bosh vaziri Entoni Albaneze mamlakat sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasida Falastin davlatini tan olishini ma’lum qildi. Buyuk Britaniya, Fransiya va Kanada tashabbusiga qo‘shilish sifatida baholanayotgan bu qaror ikki davlatli yechimni qo‘llab-quvvatlash, deyish mumkin.
Orol-davlat hukumati rahbari ta’kidlashicha, Avstraliya Falastin ma’muriyatidan qurolsizlanish, umumiy saylov o‘tkazish va Isroilning mavjudligi huquqini tan olish bo‘yicha kafolat olgan. –Ikki davlatli yechim – Yaqin Sharqda zo‘ravonlik doirasini uzish, G‘azodagi urush, ochlik hamda azob-uqubatga chek qo‘yish uchun eng yaxshi tanlovdir, – degan u.
Isroil esa ayni tashabbusni “terrorizmni mukofotlash” deb atab, tanqid qildi. AQSH ham Falastin davlatini tan olish niyatida emasligi, bunday davlat uchun “funksional hukumat yo‘qligi”ni bildirgan.
Falastin ma’muriyati tan olinish orqali xalqning o‘z taqdirini belgilash huquqi qo‘llab-quvvatlanishini aytdi. Qaror e’lonidan oldin Albaneze Buyuk Britaniya, Fransiya, Yangi Zelandiya va Yaponiya rahbarlari bilan maslahatlashuv o‘tkazgan.
So‘nggi ma’lumotga ko‘ra, 2023 yildan beri Isroil harbiy amaliyoti natijasida 61 000 dan ko‘p odam halok bo‘lgan, G‘azoda ochlik va to‘yib ovqatlanmaslik oqibatida 217 kishi vafot etgan.
Hozirgacha BMT tarkibidagi 193 davlatdan 147 tasi tan olgan Falastin tuzilmada “doimiy kuzatuvchi” maqomiga ega.
Musulmon Ziyo, O‘zA