“Socceroos” nomi bilan tanilgan ushbu jamoa so‘nggi yillarda Osiyo futbolida yetakchi terma jamoalardan biriga aylangan.
Futbol bo‘yicha Jahon chempionati har doim dunyoning eng kuchli terma jamoalarini bir maydonga jamlaydi.
Ana shunday jamoalardan biri — Osiyo futbol konfederatsiyasi vakili bo‘lgan Avstraliya terma jamoasi hisoblanadi. “Socceroos” nomi bilan tanilgan ushbu jamoa so‘nggi yillarda Osiyo futbolida yetakchi terma jamoalardan biriga aylangan.
Terma jamoaning ilk o‘yinlari:
Avstraliya milliy terma jamoasi o‘zining ilk rasmiy uchrashuvini 1922-yilda Yangi Zelandiyaga qarshi o‘tkazgan. O‘sha bahsda avstraliyaliklar 3:1 hisobida g‘alaba qozongan. Terma jamoaning tarixidagi eng yirik g‘alabalardan biri 2001-yilda Amerika Samoasiga qarshi uchrashuvda qayd etilgan va yashil qit'a vakillari raqibini 31:0 hisobida tor-mor etib, futbol tarixidagi eng yirik hisobli g‘alabalardan biriga erishgan. Eng yirik mag‘lubiyat esa 1955-yilda qayd etilgan. O'shanda ular Janubiy Afrikaga qarshi bahsda Avstraliya 8:0 hisobida yutqazgan. Ayni vaqtda Avstraliya terma jamoasi FIFA reytingida 27-o‘rinni egallab turibdi.
Jahon chempionatlaridagi ishtiroki
Avstraliya terma jamoasi o‘z tarixida 6 marta Jahon chempionatida ishtirok etgan. Ular ilk bor 1974-yilda Germaniyada o‘tkazilgan mundialda qatnashgan. Ammo o‘sha turnirda guruh bosqichidan o‘ta olmagan. Avstraliya uchun eng muvaffaqiyatli mundial 2006-yil Germaniyada bo‘lib o‘tgan Jahon chempionati hisoblanadi. O‘shanda jamoa ilk bor 1/8 final bosqichiga chiqishga muvaffaq bo‘lgan. Ushbu bosqichda ular bo‘lajak chempion Italiyaga 1:0 hisobida imkoniyatni boy bergan.
So‘nggi yillarda ham Avstraliya muntazam ravishda mundialda qatnashib kelmoqda. 2022-yilda Qatarda o‘tkazilgan Jahon chempionatida “Socceroos” yana bir bor 1/8 final bosqichiga chiqdi. Guruh bosqichida Tunis va Daniya ustidan g‘alaba qozongan avstraliyaliklar pley-offda Argentinaga 2:1 hisobida mag‘lub bo‘lib, turnir bilan xayrlashgan.
Terma jamoa tarixida eng ko‘p uchrashuv o‘tkazgan futbolchi Mark Shvartser hisoblanadi. Afsonaviy darvozabon Avstraliya safida 109 ta o‘yinda maydonga tushgan Terma jamoa tarixidagi eng yaxshi to‘purar esa Tim Keyhill bo‘lib, u milliy jamoa safida 50 ta gol urishga muvaffaq bo'lgan. Hozirgi kunda Avstraliya terma jamoasiga Mettyu Rayan sardorlik qilib kelmoqda.
Terma jamoaning yutuqlari:
Avstraliya milliy terma jamoasi 2015-yilda Osiyo kubogida g‘olib chiqqan. Finalda Janubiy Koreya ustidan g‘alaba qozonib, tarixiy chempionlikni qo‘lga kiritgan. Bundan tashqari Avstraliya terma jamoasi 2007-yilda Osiyo kubogida chorak finalga, 2011-yilda esa finalga qadar yetib borgan. Shuningdek, ular Okeaniya futbol konfederatsiyasi tarkibida o‘ynagan davrida 4 marta OFC Millatlar kubogi g‘olibiga aylangan.