French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Avstraliya ham Falastin davlatini tan olishi e’lon qilindi (+video)
20:39 / 2025-08-11

Avstraliya Bosh vaziri Entoni Albaneze mamlakati Falastin davlatini rasman tan olishini e’lon qildi, deb xabar berdi Euronews. Bosh vazir ta’kidlashicha, bu qaror sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasida rasmiylashtirilishi kutilmoqda.

Albanezening so‘zlariga ko‘ra, mazkur tashabbus Falastin ma’muriyati bilan ilgari kelishilgan shartlarga asoslanadi. Ya’ni, bu majburiyat tarkibida hukumatda Hamas a’zolari bo‘lmasligi, G‘azo sektoridagi qurolsizlantirish tadbirlari va erkin saylov o‘tkazish kabi talablar mavjud.

– Ikki davlat yechimi Yaqin Sharqdagi zo‘ravonlik, G‘azodagi falokat, azob-uqubat va ochlikka barham berishning yagona yo‘lidir, – degan orol-davlat hukumati rahbari. – Isroil xalqaro qonunlarga rioya etmasdan, aholi – xususan bolalarni oziq-ovqat, toza ichimlik suvi va zarur yordamdan mahrum etmoqda.

Ushbu bayonot Avstraliya hukumatidagi ichki bosim – Vazirlar Mahkamasi va keng jamoatchilik tomonidan Falastinni tan olish talabi avj olgan bir paytda yangradi. Shuningdek, hukumat G‘azodagi vaziyatni “gumanitar falokat” sifatida ta’rifladi.

Avstraliya Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahuning G‘azoga nisbatan yangi, keng ko‘lamli harbiy amaliyot uyushtirish rejasini ham tanqid qildi.

Netanyahuning javob bayonotida esa Falastinni tan olish harakati qoralangan:

– Yevropa davlatlari va Avstraliya yolg‘onga asoslangan umidsiz qaror qabul qilgani, nazarimda, sharmandalik.

Darvoqe, Bosh vazir garovga olingan isroilliklar ozod qilinishi kerakligini ta’kidlab, Avstraliya hukumati Hamasni rasman terror tashkiloti sifatida tan olishini ham eslatib o‘tgan.

Yevropa davlatlarining aksari Falastinni rasman tan olayotgan bir payt AQSH va ayrim G‘arb davlatlari bunga qarshi chiqmoqda. Ya’ni, Yaqin Sharqdagi mojaroni hal etish bo‘yicha yakuniy kelishuvga erishilmas ekan, bunday tan olish noto‘g‘ri, deb hisoblanmoqda.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/QvXOM7DmMLI" title="Avstraliya ham Falastin davlatini tan olishi e’lon qilindi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA