Avstraliyada 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqdan foydalanishini taqiqlovchi yangi qonun kuchga kirishiga ikki oy qoldi. Binobarin, "Google" ushbu chorani “amalga oshirish, deyarli, imkonsiz” dedi.
10 dekabrdan kuchga kiradigan qonun "Facebook", "Instagram", "TikTok", "Snapchat", X ("Tvitter") va "YouTube" kabi platformalarga 16 yoshgacha ro‘yxatdan o‘tkazishni taqiqlaydi. Qoidani buzgan kompaniyalar 50 million Avstraliya dollari jarimaga tortilishi mumkin.
Yashil qit’a internet xavfsizligini muvofiqlashtiruvchi idorasi bu qadam bolalarni “ijtimoiy tarmoqdagi mavjud bosim va xavf-xatardan himoya qiladi” deb hisoblaydi. "Google" va "YouTube" siyosiy ishlari bo‘yicha rahbari Reychel Lord “niyat yaxshi, amalda esa kutilmagan oqibatga olib keladi”, dedi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yosh foydalanuvchilar loginsiz platformadan foydalanganda, xavfsizlik filtri va nazorat tizimi ishlamay qoladi. Natijada bolani nojo‘ya yoki zararli kontentdan himoya qilish qiyinlashadi.
Lord ota-ona nazoratidagi maxsus bolalar akkaunti ham qonun asosida cheklanishi mumkinligini aytdi.
Mutaxassislar fikricha, Avstraliya bu borada dunyodagi eng qat’iy qonunlardan birini joriy etmoqda. Faqat texnologik jihatdan to‘liq nazorat o‘rnatish mushkul bo‘lishi mumkin.
Musulmon Ziyo, O‘zA