Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Avstraliya bilan sport ta’limi yo‘nalishida hamkorlik o‘rnatildi
12:49 / 2026-02-03

Mamlakatimizda xalqaro hamkorlik aloqalarining keng rivoj topayotgani jismoniy tarbiya va sport ta’limi yo‘nalishida yaqqol ko‘zga tashlanmoqda.

O‘tgan yillar davomida Xitoy, Germaniya, Janubiy Koreya, Rossiya, Yaponiya mamlakatlarining sport ta’limi muassasalari bilan manfaatli hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida kuni kecha Avstraliyaning “Sport Nomads” ta’lim tashkiloti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Memorandumni imzolash marosimida ishtirok etgan “Sport Nomads Pty Ltd” kompaniyasi rahbari Andrey Voronsov hamda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti rektori, professor Rashid Matkarimov mazkur kelishuv xalqaro aloqalarni yanada kengaytirish, sport ta’limi yo‘nalishida ilg‘or dasturlarni tadqiq etish yo‘lidagi muhim qadam bo‘lganini ta’kidladi.

Muzokaralar davomida hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari etib, sport kurashlari bo‘yicha xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini tashkil etish, Avstraliya va O‘zbekiston o‘rtasida talabalar hamda murabbiylar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, sport fani, pedagogika va sportchilarni tayyorlash metodikasi bo‘yicha qo‘shma ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, murabbiylar uchun malaka oshirish seminarlari va xalqaro o‘quv kurslarini tashkil etish kabi masalalar belgilandi.

Ma’lumot o‘rnida, “Sport Nomads” tashkiloti global sport platformasi hisoblanadi. Sportchilar va murabbiylar uchun o‘rganish, mashg‘ulotlar, tajriba almashish va o‘sish imkoniyatlarini yaratadi. Sport federatsiyalari, universitetlar, klublar bilan yuqori sifatli dasturlarni ishlab chiqadi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA