«Qorako‘l maktabi» deya tanilgan, jahonga yuz tutgan maktabning asoschisi, fidoyi ustoz To‘xtamurod Jumayev bugun minglab shogirdlari qalbida, xotirasida yashamoqda. Ming zahmat va qiyinchilik bilan o‘ziga xos maktab yaratgan bu insonning mehnatlari ta’lim sohasida alohida e’tiborga, e’tirofga munosib. Chunki ustoz yaratgan matematika maktabining o‘quvchilari xalqaro fan olimpiadalarida oltin, kumush va bronza medallarini qo‘lga kiritib, yurtimiz sharafini yuksaltirmoqda.
Ustozning mehnatlari, shaxsiyati, ta’lim-tarbiya yo‘lidagi fidoyiligi davlatimiz rahbari tomonidan e’tirof etilib, eng munosib ta’rif berilgan edi: «Bugungi kunimizning haqiqiy ma’rifatparvari, davrimizning Avloniysi, Behbudiy domlasi, Munavvarqorisi…»
To‘xtamurod Jumayevning millat kelajagi, ilm-u ziyo yo‘lidagi mehnatlari ana shunday yuksak baholandi. Qolaversa, O‘zbekiston xalq o‘qituvchisi faxriy unvoni, «El-yurt hurmati» va «Buyuk xizmatlari uchun» ordenlari sohibi bo‘ldi.
To‘xtamurod Jumayev bugun oramizda yo‘q. Ammo bu inson yaratgan maktab minglab yoshlarni o‘z bag‘rida kamolga yetkazmoqda. Ularning ruhi shogirdlar qalbida yashamoqda. Ustozning hayoti va faoliyati sahnalarga ko‘chib, butun xalqimizga namoyish etilmoqda.
Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatrida To‘xtamurod Jumayev hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan «Bizga maktab kerak yoxud zamon Avloniysi» spektakli sahnalashtirilgan edi. Bugun biz ushbu spektakl ijodkorlarining fikrlari, kechinmalari, asarni yaratish jarayonidagi o‘ylari bilan o‘rtoqlashamiz. Asarni yozishdan toki sahnalashtirishgacha bo‘lgan jarayonlardagi barcha ijodkorlar asarni yaratishda qiyinchilik bo‘lmaganini, ya’ni ustozning ruhi qo‘llagan holda ijodiy kechinmalar quyilib kelganini aytdi.
Asar muallifi Qo‘chqor Norqobil ustoz zotining buyukligini ta’kidlagan holda To‘xtamurod Jumayev fan yo‘lida o‘zini fido qilgan inson ekanini, adolatli ustoz bo‘lganini bildirdi:
– To‘xtamurod Jumayev hayotini o‘rganganimda, ilm-fan, ma’rifat yo‘lida fidoyilik qilib, kelajakni o‘ylagan inson timsolini ko‘rdim. Agar o‘sha paytda To‘xtamurod Jumayevga o‘xshagan 10 ta, 20 ta, 30 ta o‘qituvchi bo‘lganda edi, jamiyatimiz boshqa sohalarda ham yanada rivojlangan bo‘lar edi, – deydi Qo‘chqor Norqobil.
Xalqning ko‘z oldidagi inson, real zamondosh qahramon rolini o‘ynash aktyor uchun oson kechmaydi. To‘xtamurod Jumayev obrazini yaratgan aktyorlar ham ikki karra mas’uliyat hamda hadikni his qilishganini aytadi.
Hamid To‘xtayev, Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatri aktyori:
– «Bizga maktab kerak yoxud zamon Avloniysi» spektakli teatrimizda qo‘yilishida rollar taqsimotida To‘xtamurod Jumayev obrazi uchun o‘zimni familiyamni ko‘rib, ochig‘i cho‘chidim. Sababi real voqealar asosida yozilgan asar, yashab o‘tgan shaxs obrazini yaratish mushkul. Chunki u insonni ko‘rgan-bilgan qancha odam bor, oilasi, farzandlari, shogirdlari, qolaversa, nafaqat Buxoroda, balki butun mamlakatda, xorijda ham bu insonni bilishadi.
Asar ustida ish boshlandi. Ishlash jarayonida unchalik qiynalmadim. Bu insonning ichki dunyosi, dardi, ichki tug‘yoni menga ham yaqin edi. Asarni 2 oyda sahnaga olib chiqdik.
T.Jumayevning hayoti bilan tanishganimizda juda qiynalgan ekanlar, hayotida nima bo‘lgan bo‘lsa, imkoni boricha sahnaga to‘la ko‘chgan. Maktab uchun, kelajak avlod uchun molidan, jonidan, hayotidan kechgan inson ekan. Bunaqa fidoyi insonni hozirgacha ko‘rmagan va eshitmaganman.
Spektakl premerasida farzandlari, ayollari ishtirok etgan edi, o‘g‘illari Boboxon sahnaga chiqib, «otamni ko‘rganday bo‘ldim», deb meni quchoqlab yig‘ladi. Men o‘zimni baxtiyor aktyorlardan biri deb bilaman. Chunki bunaqa insonlar obrazini yaratish har bir aktyor orzusidir.
Bu ham murakkab, ham yengil asar bo‘ldi. Bu insonni ko‘z oldimga keltirdim. Hayotda mehribon, qalbi toza, pok inson, kerak paytda cho‘rtkesar, so‘zidan qaytmaydigan, qaysar inson bo‘lgan. Qo‘lidan kelgancha insonlarga yaxshilik qilgan.
Bu asar 20 martaga yaqin qo‘yildi. Kelgan tomoshabin shunchaki tomosha qilmadi, katta taassurot bilan ketdi. Teatrimiz tomonidan Buxoro viloyatiga gastrol safar rejalashtirilyapti. Buxoro xalqiga o‘z farzandining qilgan mehnati va qahramonliklarini ko‘rsatamiz. O‘ylaymizki, bu asarning umri uzoq bo‘ladi. Boisi uning mavzusi – o‘lmas.
«Zamon Avloniysi» spektakli betakror musiqalari bilan yanada ta’sirchan chiqqan. Bunga sabab asar bastakori Oydin Abdullayeva ustozning ko‘rgan qiyinchiliklarini ich-ichidan his qilib yozganini aytadi.
Oydin Abdullayeva, bastakor:
– Zamondoshimiz bo‘lgan To‘xtamurod Jumayev haqida asar sahnalashtirilishini eshitib juda qiziqdim. Chunki undan avval davlatimiz rahbari bu insonni «davrimizning Avloniysi, Behbudiy domlasi, Munavvarqorisi», deb ataganlarida qiziqish boshlangan edi.
Bunday shaxslar haqida yozish ijodkor uchun juda qiziq. Asarni o‘qib, bu insonning boshidan o‘tkazganlari, qanchalik qiyinchilik bilan maktab yaratganini his qilib, hurmat qildim.
Spektakl ustida ish olib borishda shuni his qildimki, rahmatli To‘xtamurod Jumayev juda bag‘rikeng, fidoyi inson bo‘lgan. Odatda ijodkorlar biror shaxs haqida asar yozayotganda o‘sha insonning ruhini, xarakteri va qalbida nima kechganini his qilib turishadi. Men ham musiqani yozayotganimda juda tez yozildi va juda kuychan, musiqiy ko‘lami keng bo‘lib chiqa boshladi. O‘zim kompozitor sifatida baxt hissini tuydim. Chunki bu inson o‘zining hayot yo‘li bilan barchamizga namuna bo‘lgulikdir. Ularning qilgan ishlari xalqimizga ma’naviy meros bo‘lib qoldi. Insonning o‘z orqasidan katta bog‘, maktab qoldirishi, yaxshi nom qoldirishi bilan bog‘liq bo‘lgan kayfiyat musiqamga ko‘chdi. Asar ustida ishlash chog‘ida qo‘shilib ko‘z yosh qilgan vaqtlarim bo‘ldi. Chunki maktabni bunyod etguncha bosib o‘tilgan qiyin bir jarayonlarni yuragim, qalbim bilan his qildim va qatnashchisiga aylandim.
Har qanday buyuk inson ortida uning ayoli turadi, degan gap bor. Darhaqiqat, To‘xtamurod Jumayevning maktab ochish yo‘lidagi harakatlari, ko‘rgan qiyinchiliklari, zahmatlarida ularning ahli ayollari Zumrad aya ham yonma-yon bo‘ldilar. Ro‘zg‘oridagi mol-qo‘ylari-yu mashinasini sotgan vaqtda ham sabr-matonatli bo‘lib, ustozni qo‘llab turdilar.
To‘xtamurod Jumayev singari millat fidoyisi hayotligida ezgu amallari bilan, oramizdan ketganida esa ortida qoldirganlari bilan shu yurt ravnaqiga, kelajak avlod kamolotiga xizmat qilaveradi. Uning siymosi gavdalantirilgan asar esa sahnalardan tushmay, har bir tomoshabinni ezgulikka, fidoyilikka, el-u yurt uchun xizmat qilishga chorlayveradi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/xTCvft4AsTE" title="Avloniyga mengzalgan Toʻxtamurod Jumayev faoliyati sahnada –ijodiy guruh nima deydi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhtarama Komilova, Doniyor Yakubov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA