Qashqadaryo viloyati Muborak tumani, Obod turmush mahallasida yashovchi 79 yoshli Xursanoy momo Ahmedova hunarga mehr qo‘ygan, avlodlar tarbiyasida o‘chmas iz qoldirib kelayotgan nuroniy ayollarimizning yorqin va ibratli namunasidir.
U kishining hayot yo‘li, hunarga sadoqati, mahalladagi faol ishtiroki ko‘plab xotin-qizlar uchun jasorat va ilhom manbai bo‘lib xizmat qilmoqda.
Xursanoy momo 6 qiz, 3 o‘g‘il, 43 nabira va 21 chevaraning mehribon buvisi. Chollari vafot etganidan keyin u kishining hayotidagi og‘ir bo‘shliqni aynan hunar – kashta va gilam to‘qish an’analari to‘ldirdi. “Vaqtimni nima bilan o‘tkazishni bilmay yurgan paytimda qo‘limga ip-igna oldim va shu meni yana hayotga qaytardi”, – deya eslaydi momo.
Shundan beri nafaqat o‘zi ushbu hunarni davom ettirib kelmoqda, balki qizlari, nabiralari va mahallaning ishsiz xotin-qizlarini ham hunarga o‘rgatib, ularning bandligini ta’minlashga hissa qo‘shib kelmoqda. Momoning xonadoni bugungi kunda mahalladagi qizlarning mahorati sinab ko‘riladigan, o‘rgatiladigan maskanga aylangan.
Xursanoy momoning kelini Gulsara Tojiyeva ham qaynonasi bilan bir qatorda ushbu xayrli ishda faol qatnashadi. U bog‘chada tarbiyachi bo‘lib ishlasa-da, bo‘sh vaqtlarida gilamchilik va kashtachilikda momoga yordam beradi.
– Qaynonam bilan ishlash maroqli, har bir ipda bir olam hikmat, har bir naqshda tarix bor, – deydi Gulsara Tojiyeva. – Qaynonamdan eng avvalo sabrni ya’ni gilam to‘qish, kashta tikish sabrini o‘rgandim. Har bir naqshni mehr bilan tikish kerak. Shunda u shu qadar jozibador bo‘ladi.
Ular yashayotgan xonadonda hunarga bo‘lgan mehr, mehnatga bo‘lgan hurmat va avlodlar o‘rtasidagi chuqur izzat hissi doimo sezilib turadi.
Mahallaning xotin-qizlar faoli Gulzor Safarova Xursanoy momoni mahallaning eng hurmatli ayollaridan biri sifatida e’tirof etadi.
– Xonadonlarda kelishmovchilik yuzaga kelgan paytlarda Xursanoy momoni chaqirish odat bo‘lgan. Muloyimligi va hayotiy tajribasi tufayli u har qanday vaziyatga oqilona kirishib, nizolarni tinch hal etishga kӯmaklashadi. Uning so‘zi barakali, – deydi Gulzor Safarova. – U kishi go‘yo elning onasi. Maslahati hammaga darmon. Hunari, qo‘lining shifosi, so‘zidagi ziyo bilan butun mahallani jipslashtirgan. Hunarmandchilik faoliyati yoshlarga juda ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Ular momodan nafaqat hunar o‘rganib, daromad topmoqda, balki murakkab hayot sabog‘ini ham olmoqda.
[gallery-26323]
– Momo, hunar sizning hayotingizda qanday o‘rin egallaydi?
– Ip-igna qo‘limda bo‘lsa, yuragim tinchiydi. Hunar insonni tirik qiladi. Qizlarim va nabiralarimga ham shu hunar qolsin, degan niyatdaman, – deydi Xursanoy momo ignadan ipni ko‘zoynaksiz o‘tkazarkan. – Yoshgina nabiram, qizlarimga doim nasihat qilaman, hunar egallang, uyda o‘tirib ham ish qilsa bo‘ladi. Mehnat qilgan odam hech qachon kam bo‘lmaydi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, Obod turmush mahallasidagi Xursanoy momo Ahmedovaning hayot yo‘li mehr, sabr va hunarning mukammal uyg‘unligidir. U kishi nafaqat gilam va kashta to‘quvchi hunarmand, balki ko‘plab xotin-qizlar uchun ustoz, mahalla uchun esa maslahatchi, birlik timsolidir.
Momoning har bir to‘qigan gilamida nafaqat naqsh, balki hayot hikmati bor. Xursanoy momo kabi milliy kashtachilik va gilamchilik hunarlarini davom ettirayotgan fidoyilar bor ekan, xalqimizning madaniy merosi va milliy ruhi ham doimo yashnab turaveradi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari