Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Avlodlar jasorati hech qachon unutilmaydi
16:08 / 2022-05-10

9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan O‘zbekiston “ Mahalla” xayriya jamoat fondi Navoiy viloyati bo‘limi tomonidan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mehnat frontida jonbozlik ko‘rsatgan faxriylar holidan xabar olindi.

Xalqimizda “Qarisi bor uyning parisi bor”, degan ibratli gap bor. Darhaqiqat, keksalari bor xonadonda quvonch, fayzu baraka, xotirjamlik hukm suradi. Mamlakatimizda keksalarni hurmat qilish, ularga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Bu yil Prezidentimizning “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida” gi farmoniga ko‘ra, 1941-1945 yillardagi Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga Respublika davlat byudjetidan bir martalik pul mukofoti – 15 million so‘mdan mablag‘ ajratildi. 


Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda Navoiy viloyatida 9 nafar urush qatnashchisi yashamoqda. Ularga ushbu pul mablag‘lari va Prezidentimizning Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga yo‘llagan tabrigi topshirildi. Dastlab fond xodimlari Karmana tumani “Deggaron” mahallasi Arabxona qishlog‘ida yashovchi, 1927 yilda tug‘ilgan Ikkinchi jahon urushi front orti mehnat faxriysi Sattor bobo Tursunov xonadonida bo‘ldi.

Uchrashuvda otaxon urush yillarini eslab, o‘sha davrdagi vaziyat, qiyinchiliklar haqida gapirib berdi va bugungi kunga shukrona keltirdi. Shu kuni Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari – Xatirchi tumani “Chechak ota” mahallasida yashovchi Eshniyoz bobo Ergashev va “Oq oltin” mahallasida yashovchi Beknazar bobo Qarayev xonadonlariga ham borildi. 
– Mamlakatimizda 9 may sanasining “Xotira va qadrlash kuni” sifatida nishonlanishi Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan, frontlarda bedarak yo‘qolgan, g‘alabaga erishib, g‘urur bilan ona zaminga qaytgan millionlab yurtdoshlarimizga ko‘rsatilgan hurmat ramzidir, – deydi 96 yoshni qarshilagan Eshniyoz bobo Ergashev. – Biz ana shunday o‘tganlarni xotirlab, hayot bo‘lganlarni esa qadrlagan davlatda, keksalik gashtini surayotgan nuroniylarga yuksak hurmat ko‘rsatilgan jamiyatda yashayotganimiz uchun minnatdormiz. Buni men urushda kechgan zahmatlarimiz, og‘ir sinovlar uchun berilgan eng katta mukofot deb bilaman. 

Keksa avlod vakillari bilan o‘tkaziladigan har bir uchrashuv, har bir bayram tadbiri nafaqat tarix va xotira, balki ota-bobolarimiz jasoratini targ‘ib qilish va yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyatga ega.

Abduvali Bo‘riyev, O‘zA