2025 yilning avgust oyida O‘zbekiston avtomobil bozorida faollik o‘rtacha darajada pasaydi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining avtomobil bozori dinamikasi bo‘yicha yangilangan tahlilida qayd etilgan.
Yengil avtomobillar savdosi 90 ming donadan iborat bo‘lib, iyul oyiga nisbatan 9,5 foizga kamaygan. Eng katta pasayish Toshkent, shuningdek, Xorazm va Qashqadaryo viloyatlarida qayd etilgan. Shu bilan birga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Sirdaryo va Andijon viloyatlarida avtomobil savdosi o‘sish sur’atlari kuzatildi.
Shuningdek, yangi yengil avtomobillar segmentida faoliyatning biroz kamayishi kuzatildi – sotuvlar 2 foizga pasayib, 37,6 ming dona avtomobilni tashkil etdi. Segment doirasida mahalliy ishlab chiqarilgan yangi yengil avtomobillar ustuvor o‘rinni saqlab qoldi – ularning sotuv hajmi 32,6 ming donani tashkil etib, o‘tgan oyga nisbatan 0,8 foizga kamaydi.
Xorijda ishlab chiqarilgan yangi avtomobillarning sotuvi 4,9 ming donani tashkil etdi. Bu esa iyul oyi ko‘rsatkichidan 9,4 foizga kam.
Avgust oyida ikkilamchi bozorda yengil avtomobillar savdosi 52,7 ming donani tashkil etdi. Bu, oldingi oyga nisbatan 14,3 foizga kam.
Ikkilamchi bozorda 2,7 mingta elektromobil sotildi. Bu iyul oyi ko‘rsatkichidan atigi 0,6 foizga yuqori. Shu bilan birga, yillik hisobda o‘sish 4,6 barobar deya, qayd etildi.
Mohigul Qosimova tayyorladi, O‘zA