Samarqand viloyatidagi klaster korxonalari va ularga a’zo fermer xo‘jaliklari tomonidan joriy yilda 75 ming 356 gektar maydonda g‘o‘za parvarishlanmoqda.
Bu yil bahorning nisbatan seryog‘in kelgani va iyul oyidagi anomal issiq g‘o‘za parvarishida fermerlar uchun bir muncha qiyinchiliklarni yuzaga keltirdi. Aslida hech bir mavsum oson kechmaydi, har yilning o‘ziga yarasha tabiat injiqliklari, suv va boshqa masalalarda muammolar yuzaga kelishi mumkin.

Shunga qaramay agrotexnika tadbirlarining o‘z vaqtida, optimal muddatlarda va sifatli o‘tkazilishi natijasida ko‘zlangan hosil yetishtirilmoqda. Ayniqsa, hosilga hosil qo‘shiladigan avgust oyida – zarbdor o‘ttiz kunlik davomida barcha paxta maydonlarida g‘o‘zani sug‘orish va ishlov berish ishlari tizimli ravishda olib borilmoqda. Buning uchun 1600 dan ortiq kultivatordan samarali foydalanib, kuniga o‘rtacha 7 ming gektardan ortiq yer maydonidagi g‘o‘za qator oralariga ishlov berilmoqda. Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 221 ta fermer xo‘jaligi va 2 ta klaster korxonasi tomonidan 10 ming 750 gektar maydonda g‘o‘zaning hudud iqlim sharoitiga mos, ertapishar “Buxoro-106”, ”Omad”, ”Sulton” navlari parvarishlanmoqda.
– Kattaqo‘rg‘onlik fermerlar gektaridan 40-45 sentnerdan oshirib hosil olish uchun astoydil mehnat qilmoqda – deydi “O‘zagroinspeksiya”ning Kattaqo‘rg‘on tuman bo‘limi boshlig‘i Nurali Namozov. – Ayni kunlardan g‘o‘za qator oralarini kultivatsiya qilishga alohida e’tibor qaratilib, mavjud 256 dona kultivatordan unumli foydalanilmoqda.

Sug‘orish ishlari tunda, “sharbat usuli”da amalga oshirilmoqda.
Bu jarayonda biz ham fermerlarga o‘z maslahat va tavsiyalarimizni beryapmiz, agrotexnika tadbirlarning sifati va samaradorligi nazoratga olingan. Kuzatilayotgan ayrim kamchilik klaster korxonalari va fermer xo‘jaliklari tomonidan tezkor bartaraf etilmoqda.
G‘.HASANOV, O‘zA