Buxoro viloyati sektor rahbarlari, huquq tartibot idoralari vakillari va boshqa mutasaddilar ishtirokida viloyat 3-sektor shtabi binosida afv etilgan fuqarolar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda avf etilganlarni uy-joy va ish bilan ta’minlash, salomatligini tiklash hamda boshqa mavjud muammolarini hal etish borasida yuzma-yuz muloqot o‘tkazildi.

Uchrashuv davomida ularning kelgusidagi maqsad va rejalari o‘rganildi. Bildirgan muammoli masalalari bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi va mutasaddilarga manzilli topshiriqlar berildi.

Ma’lumot uchun, Prezidentimizning 2022 yil 7 dekabrdagi “Afv” farmoniga asosan bilib-bilmay jinoyat sodir etgan, hozirgi vaqtda qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 13 nafar Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan hamda 8 nafar hududiy Ichki ishlar organlarining probatsiya xizmati nazorati ostida turgan buxorolik mahkumlar ham jazodan ozod etildi.

Ushbu shaxslarning ijtimoiy hayotga moslashishi, foydali mehnat bilan shug‘ullanishi, sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yib, jamiyatda munosib o‘rin topishiga ko‘maklashish maqsadida hokimliklar, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar va tegishli tashkilotlar tomonidan zaruriy chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA