Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Avazada O‘zbekiston tomonidan bir qator muhim tashabbuslar ilgari surildi
09:35 / 2025-08-05

Turkmanistonning Avaza shahrida BMTning dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha uchinchi konferensiyasi doirasida “Yo‘nalishni belgilab: dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar uchun Avaza harakatlar dasturini amalga oshirishga ko‘maklashish” mavzusidagi parlament forumi tashkil etildi.

Forumda Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiya ishtirok etdi.

Senat Raisi o‘z nutqida O‘zbekiston tomonidan dengizga chiqish imkoniyati yo‘qligi tufayli yuzaga kelayotgan iqtisodiy va logistika cheklovlari, shu jumladan, tashqi savdoning murakkablashuvi, transport infratuzilmasining rivojlanishidagi muammolarni alohida ta’kidladi. O‘zbekiston dunyoda okeanga chiqish uchun kamida ikki davlat hududidan o‘tishi zarur bo‘lgan ikki mamlakatdan biri ekanini qayd etdi.

Forum ishtirokchilari e’tiboriga O‘zbekistonning mintaqaviy bog‘liqlik va integratsiyani kuchaytirishga qaratilgan tashabbuslari, jumladan, Temiryo‘l va avtomobil transporti sohasida Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Tojikiston, Xitoy kabi mamlakatlar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan yirik loyihalar taqdim etildi.

Transafg‘on yo‘lagi – “Termiz – Mozori-Sharif – Qobul –Peshovar” temiryo‘l magistrali istiqboldagi eng muhim loyihalardan biri sifatida qayd etildi. Ushbu yo‘lak Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasida savdo va logistika aloqalarini keskin rivojlantirish imkonini beradi.

Forum davomida O‘zbekiston delegatsiyasi tomonidan bir qator muhim tashabbuslar ilgari surildi. Xususan, dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan davlatlar parlamentlari o‘rtasida tizimli muloqotni yo‘lga qo‘yish, «yashil» logistika va zamonaviy infratuzilmani rivojlantirish, savdo va tranzit jarayonlarini soddalashtirish hamda raqamli yechimlarni joriy etish bo‘yicha parlamentlararo hamkorlikni chuqurlashtirish taklif etildi.

Bundan tashqari, ilmiy va texnologik hamkorlik, innovatsion yechimlar almashinuvi va ilmiy forumlar tashkil etish zarurati ham ta’kidlandi.

***

Tadbir doirasida O‘zbekiston Senati Raisi Tanzila Norboyeva Ozarbayjon Milliy Mejlisi Raisi Sahiba Gafarova va Turkmaniston Mejlisi Raisi Dunyogo‘zal Gulmanova bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Samimiy ruhda o‘tgan muloqotda parlamentlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish, ko‘p tomonlama aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Xiva shahrida o‘tkazilgan Birinchi O‘zbekiston - Ozarbayjon parlamentlararo forumi ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni mustahkamlashda samarali tajriba almashuv maydoniga aylangani ta’kidlandi. 

O‘zbekiston - Turkmaniston parlamentlararo hamkorlik guruhlari faoliyati izchil va samarali davom etayotgani e’tirof etildi. Uchrashuvda mazkur yo‘nalishdagi ishlarni yanada kuchaytirish, jumladan, parlamentlararo komissiya doirasida mahalliy hokimiyat vakillarining ishtiroki orqali aloqalarni kengaytirish muhimligi qayd etildi.

N.Abduraimova,

O‘zA