Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
"Avaza" ning ovozasi
11:09 / 2021-08-13

Tarixning guvohlik berishicha, buyuk imperiyalar hukmronlik qilgan mintaqamizda biror marta ham millatlararo mojoro bo‘lmagan ekan.

O‘zbek tojikka, qozoqqa, turkmanga, qirg‘izga, qoraqalpoqqa qiz bergan, ulardan qiz olgan. Bu xalqlar bir-birlarni kamsitmagan, balki quda-anda bo‘lib ahil yashashgan. Xalqlarning o‘zaro jipslashuvi natijada buyuk Turon yurtida Baqtriya, Parfiya, Selevkiylar, Eftalitlar, Kushonlar, Somoniylar, Qoraxoniylar, G‘aznaviylar, Xorazmshohlar, Temuriylar, Shayboniylar davlati tuzilgan. Buxoro amirligi, Qo‘qon xonligi, Xiva xonligi davrida ham biror bir milliy nizo yuz bermagan. Chunki, Buxoro amirligida turkman va tojiklar, Qo‘qon xonligida tojik, qozoq va qirg‘izlar, Xiva xonligida turkman va qoraqalpoqlar yuqori mansablarda faoliyat yuritgani tarixdan ma’lum. Qo‘qon muxtoriyatining rahbarlari qozoq, qirg‘iz, tojik va o‘zbeklardan iborat bo‘lganligini yaxshi bilamiz.

1924 yilda Markaziy Osiyoda amalga milliy chegaralanish natijasida beshta ittifoqdosh respublika tashkil topdi. Bu respublikalar 1991 yilda o‘z mustaqilliklarini e’lon qildilar. Buni tabriklash kerak. Har bir xalq o‘z milliy davlatiga ega bo‘lishga haqli. Ammo ming yillardan beri ahil-inoq yashab kelgan xalqlar o‘rtasiga chegara tushgani oqibatida bordi-keldilarda muammolar paydo bo‘ldi. Hatto ayrim davlatlarga borish uchun viza olish kerak bo‘lgan vaqtlar ham bo‘ldi. Afsuslar bo‘lsinki, shu tariqa mustaqillik yillarida mintaqa davlatlari o‘rtasiga sun’iy to‘siqlar qo‘yildi. Uchinchi kuchlarning aralashuvlari tufayli ichki nizolar kelib chiqdi, shu tariqa dushmanchilik vaziyati paydo bo‘ldi. Buning oqibatida katta iqtisodiy ziyondan tashqari, hisobsiz ma’naviy yo‘qotishlar bo‘lganligini unutmaslik kerak. Markaziy Osiyoni birlashtirib turuvchi hamma tarmoqlar uzildi. O‘z qobig‘imizga o‘ralashib qoldik. Aslida chegaraning bu tomonida aka, u tomonida uka yashaydigan mintaqa xalqlarni ajratib tashlash, alohida tasavvur qilishning hech qanday iloji yo‘q edi.

2016 yilda O‘zbekistonda yuz bergan o‘zgarishlardan so‘ng, vaziyat tubdan o‘zgardi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi tufayli qo‘shni davlatlar bilan aloqalar yangi pog‘onaga ko‘tarildi. Prezident Mirziyoyev Markaziy Osiyodagi barcha to‘siqlarni parchaladi. U bugun butun dunyoda e’tirof etilayotgan o‘zbek diplomatiyasida yangi sahifa ochdi. O‘zbekistonning qo‘shni davlatlar bilan do‘stona konstruktiv aloqalar o‘rnatish, shuningdek, Markaziy Osiyo mintaqasida o‘zaro hamkorlikning samarali mexanizmlarini shakllantirishga yo‘naltirilgan tashqi siyosiy faoliyati tubdan o‘zgardi. Shu bilan birga, o‘tgan yillar davomida o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilik muhitini mustahkamlash bo‘yicha sa’y-harakatlar nafaqat Markaziy Osiyo mamlakatlarining amaliy qadamlari bilan qo‘llab-quvvatlandi, balki jahon hamjamiyati tomonidan ulkan Yevrosiyo mintaqasidagi ijobiy geosiyosiy jarayon sifatida e’tirof etildi.

Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlarini o‘tkazish tashabbusi O‘zbekiston Prezidenti tomonidan 2017 yilda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida taklif etilgan va xalqaro hamjamiyat tomonidan keng qo‘llab-quvvatlandi.

2021 yil 6 avgust kuni Turkmanboshi shahri yaqinidagi "Avaza" milliy sayyohlik zonasida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining uchinchi Maslahat uchrashuvi mintaqa davlatlarining o‘zaro bog‘liqligini hisobga olgan holda har bir mamlakat uchun o‘zaro manfaatli bo‘lgan integratsion jarayonlarni yanada rivojlantirish borasida qat’iy pozitsiyasini namoyish etdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti uchrashuvda so‘zlagan nutqida mamlakatlar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, siyosiy, suv-ekologiya va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va kengaytirishga qaratilgan bir qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi. Umumiy madaniy makonimizni yanada rivojlantirish xalqlarimiz qardoshlik munosabatlarini mustahkamlashning muhim omilidir. Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyoning madaniy merosiga bag‘ishlangan festivallar, madaniyat va kino kunlarini o‘tkazish, birgalikda kitoblar nashr qilish muhim ekanini ta’kidladi. Xalqlarimizni yaqinlashtirishga xizmat qiladigan yana bir omil bu – turizm sohasi. Mintaqa ichida sayyohlar almashinuvini ko‘paytirish uchun qo‘shimcha rag‘batlardan faol foydalanish muhimdir. Davlatimiz rahbari turizm xizmatlarining doirasini qamrab oladigan «Bir sayohat – butun mintaqa» qo‘shma dasturini amaliy ro‘yobga chiqarish taklifini ilgari surdi.

bugungi kunda Markaziy Osiyo mintaqasi jahon miqyosida muhim voqealar ro‘y berayotgan hudud bo‘lib qolmoqda. Markaziy Osiyo ulkan geostrategik va geoiqtisodiy ahamiyatga ega mintaqa. Bu yerda 74 milliondan ortiq aholi yashaydi. Ularning tarixi va madaniyati, mamlakatlarimizning iqtisodiyoti va infratuzilmasi bog‘lanib ketgan. Barcha qiyinchiliklar, muammolar va ziddiyatlarga qaramasdan, mintaqa davlatlarining rahbarlari muntazam ravishda uchrashib, mavjud muammolarni hal qilishga harakat qilish bilan birga, kelajak rejalarini belgilab olish, istiqbollarni aniqlash va birgalikda o‘sish nuqtalarini topishga intilyaptilar.

Eng muhimi, davlat rahbarlari savdo va sarmoyaviy aloqalarni kengaytirish, Markaziy Osiyoda transport va logistika infratuzilmasini ishlab chiqarish va eksport salohiyatini oshirish vazifalarini muvofiqlashtirilgan harakatlarsiz amalga oshirish mumkin emasligini to‘g‘ri anglab turibdilar.

Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvi doirasida Turkmanboshi shahrida mintaqa mamlakatlarining milliy sanoat mahsulotlari ko‘rgazmasi tashkil etildi. Davlatlar rahbarlari mazkur ko‘rgazmani borib ko‘rdilar. Prezidentlar mahsulotlar sifatini ko‘zdan kechirib, o‘zaro tovarlar yetkazib berish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatmalar berdilar. "Avaza" milliy sayyohlik zonasida Markaziy Osiyo xalqlarining milliy taomlari festivali va tantanali konsert bo‘lib o‘tdi.Prezidentlar milliy taomlar namunalarini ko‘zdan kechirdi. So‘ng Markaziy Osiyo mamlakatlari san’at ustalari ishtirokida tantanali konsert dasturi namoyish etildi. Milliy kuy-qo‘shiq va raqslar xalqlarimiz birligi, madaniy yaqinligini yaqqol namoyon etdi. Sammit doirasida "Avaza" milliy turistik zonasida Markaziy Osiyo mamlakatlari Iqtisodiy forumi bo‘lib o‘tdi. Forum ishi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy, energetika va kimyo, transport-logistika sohalarida hamkorlik bo‘yicha tematik sessiyalar shaklida tashkil etildi.

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Markaziy Osiyo mamlakatlari erishgan muvaffaqiyatlar hamda mintaqadagi muhim masalalar haqida so‘z yuritar ekan, «mustaqillikning ilk kunlaridanoq qo‘lni qo‘lga berib, yutuqlarimizdan xursand bo‘lib va og‘ir damlarda bir-birimizni qo‘llab-quvvatlab kelmoqdamiz. Va bu tabiiy. Bizni ko‘p asrlik tarix, ma’naviy yaqinlik, umumiy urf-odatlar birlashtirib turadi. Mintaqa mamlakatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvlari mintaqaviy hamkorlikka kuchli turtki bermoqda. Nur-Sulton va Toshkentda bo‘lib o‘tgan sammitlar natijasida yaqinlashuvimiz mustahkam, izchil va ortga qaytmaydigan tusga ega bo‘ldi. Mintaqaviy hamkorlikda yuqori darajadagi ishonchli muloqot shubhasiz, muhim rol o‘ynaydi», — dedi. U Qozog‘iston va O‘zbekiston chegarasida tashkil etilgan «Markaziy Osiyo» savdo-iqtisodiy hamkorlik xalqaro markazini muvaffaqiyatli namuna sifatida ko‘rsatdi. «O‘zbekiston bilan yangi loyihalar faol ishlab chiqish jarayonida. Birinchi navbatda, loyiha qiymati qariyb 700 million dollar bo‘lgan Turkiston – Chimkent – Toshkent tezyurar temiryo‘li qurilishi haqida gap ketmoqda. Avvalroq o‘zbekistonlik hamkorlarimizga Qo‘riq va Oqtov portlariga qisqa yo‘l ochgan Beynov — Oqjigit avtoyo‘lida yotqizish ishlarini yakunlagandik. Turkmanboshi – Qorabo‘g‘oz – Qozog‘iston chegarasi avtomagistrali ham sezilarli istiqbolga ega», — deb ta’kidladi Qozog‘iston prezidenti. «Asosiy maqsadimiz – Markaziy Osiyoni barqaror, iqtisodiy rivojlangan, farovon mintaqaga aylantirish. Do‘stlik, ahil qo‘shnichilik va o‘zaro ishonch ruhida barcha qiyinchiliklarni yengib o‘tishimiz va bu maqsadga erishishimizga ishonaman», — dedi Qozog‘iston prezidenti.

Turkmanistonda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining uchinchi Maslahat uchrashuvi «soatlarni to‘g‘rilab olish», mintaqaviy kun tartibi bo‘yicha fikr almashish va dolzarb yechimlarni talab qiluvchi vazifalarni aniqlash, shuningdek, keyingi harakatlarni muvofiqlashtirish zarurligidan dalolat beradi. Maslahat uchrashuvi natijalari mintaqa davlatlari dolzarb muammolarini hal etish va birgalikda rivojlanish maqsadida o‘zaro hamkorlik va aloqalarni mustahkamlashga bel bog‘laganligini yana bir bor namoyon etdi.

 Sharofiddin To‘laganov,O‘zA