O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 6 yanvardagi “Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida sog‘lom ovqatlantirish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori sog‘lom ovqatlantirishning zamonaviy usullarini joriy etish orqali bolalarga ta’lim-tarbiya berish samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Namangan tumanidagi 36-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida tashkil etilgan viloyat ko‘rgazmali amaliy seminar qarorning ijrosi va uning mazmun-mohiyatini keng targ‘ib etishga bag‘ishlandi.

Unda viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi, Namangan tumani hokimligi, Sanepidqo‘mitaning hududiy bo‘limlari, bog‘chalarga autsorsing xizmati ko‘rsatuvchi “Abdul Aziz, Muhammad Ali savdo sanoat-2012” korxonasi vakillari, tumandagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktorlari, brakeraj komissiyalari a’zolari, oshpazlar ishtirok etdi.

Seminar davomida tibbiy ko‘rik, investisiya, brakeraj komissiyalari, yagona mavsumiy taomnoma kabi masalalar muhokama qilindi. Shuningdek, mavsumiy taomnomaga muvofiq olib kelingan oziq-ovqat mahsulotlari, ulardan tayyorlangan taomlar ko‘rgazmasi namoyish etildi.
Autsorsing xizmati joriy etilgandan buyon sog‘lom ovqatlantirish amaliyoti ham sifat, ham miqdor jihatidan ijobiy tus oldi. Chunki, qaror maktabgacha ta’lim tashkilotlariga autsorsing xizmati ko‘rsatuvchi korxonalar zimmasiga taomni bola yoshiga mos taqsimlash; kam yog‘li va kam shakarli taom tayyorlash; tavsiya etilgan mahsulotlardan to‘g‘ri va zamonaviy usulda foydalanish; bolani tartibli ovqatlantirish kabi talablar qo‘yish asnosida, bog‘cha mudirlari, komissiya a’zolari zimmasiga mas’uliyatli vazifalar yuklaganligi ta’kidlandi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.