Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tashabbusi bilan bugun yurtimizning bir qator hududlari qatori Samarqand shahridagi 109-davlat maktabgacha ta’lim tashkilotiga press-tur uyushtirildi.
Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida autsorsing usulida sog‘lom ovqatlantirishni tashkil etish jarayonlariga bag‘ishlangan tadbirda soha mas’ullari va ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi. Mazkur davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti 120 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, 2022 yilda rekonstruksiya qilingan. Press-tur ishtirokchilari bog‘chada mashg‘ulot xonasi, yotoqxona, oshxona va ularda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
[gallery-24602]
– 120 o‘rinli bog‘chamiz 2022 yildan buyon autsorsing usulida faoliyat yuritib kelmoqda, – deydi 109-davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti direktori Sevara Qoraboyeva. – Bu tizimning qulayligi shundaki biz bolalarning ta’lim-tarbiyasi bilan shug‘ullanamiz, oziq-ovqati ta’minoti autsorser zimmasida. Biz asosiy e’tiborni tarbiyalanuvchilarga sifatli ta’lim-tarbiya berish, buning uchun zamonaviy usullardan foydalanishga qaratamiz. Bog‘chaga autsorsing xizmati ko‘rsatuvchi tadbirkor Jamshid O‘roqovning ma’lum qilishicha, sut, go‘sht, non, sabzavot mahsulotlari o‘zining ishlab chiqarish firmalarida tayyorlanadi va ularning sifatiga to‘la kafolat beradi. Muhimi, bu mahsulot tan narxi oshib ketishining oldini oladi.
– Shu paytgacha ayrim maktabgacha ta’lim tashkilotlarida autsorsing tizimi yo‘lga qo‘yilgan edi, – deydi Samarqand viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Salohiddin Nomirov. – Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 6 yanvardagi “Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida sog‘lom ovqatlantirish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarorida joriy yilda respublikamizdagi barcha davlat maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlarida autsorsing usulida sog‘lom ovqatlantirish tashkil etish belgilangan. Shuningdek, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi bilan birgalikda mavsumlar bo‘yicha “Yagona mavsumiy taomnoma” ishlab chiqildi va tasdiqlandi. Endi barcha davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bir xil menyu asosida taom tayyorlanadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, shu paytgacha viloyatdagi 770 dan ortiq davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining 129 tasida autsorsing asosida tarbiyalanuvchilarni ovqatlantirish yo‘lga qo‘yilgan edi. Yilning to‘rtinchi choragidan boshlab viloyatdagi qolgan davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ham autsorsing yo‘lga qo‘yiladi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari