Shimoliy kon boshqarmasiga qarashli “Auminzo-Amantoy” koni istiqbolli konlardan biri bo‘lib, 2017 yilda foydalanishga topshirilgan. Konda qisqa davrda kon jinslarini qazib chiqarish hajmi 3 million metr kubdan 51 million metr kubgacha oshirildi.
2024 yilda konda oksidli ma’dandan tashqari 3 million tonnaga yaqin sulfidli ma’dan ham qazib chiqarildi.

Joriy yilda kon mutaxassislari tomonidan “Shimoliy Amantaytov”, “Markaziy Amantaytov”, “Asaukak”, “Nuqrakon”singari 4 ta karerda kon ishlari olib borilmoqda.

Ayni paytda bu yerda Xitoy, Shvetsiya, Yaponiya kabi davlatlarning jahonga mashhur korxonalarida ishlab chiqarilgan 13 ta ekskavator va 7 ta burg‘ilash uskunalaridan foydalanilmoqda.
Joriy yilning dastlabki besh oyida “Auminzo-Amantoy” konida 17 million metr kubga yaqin kon massasi qazib chiqarildi.

Kon rahbariyati tomonidan ishchi-xodimlarning yashashi, bo‘sh vaqtlarida mazmunli hordiq chiqarishi uchun barcha imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Ishchilar shaharchasida “Auminzo-Amantoy” koni, 5-gidrometallurgiya zavodi, Avtomobil transporti boshqarmasining mazkur sanoat hududidagi avtojamlanmasining ikki ming nafardan ortiq ishchi-xizmatchilari istiqomat qilyapti. Shaharcha hududi obod va ko‘kalamzorlashtirilgan maskanga aylantirilgan.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri