Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Auditning xalqaro standartlarini tan olish bo‘yicha yangi nizom
21:43 / 2022-04-11

Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi hududida qo‘llash uchun auditning xalqaro standartlarini tan olish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Mazkur Nizom Xalqaro buxgalterlar federatsiyasining Audit va ishonchni ta’minlaydigan topshiriqlarning xalqaro standartlari bo‘yicha kengashi tomonidan e’lon qilinadigan auditorlik faoliyatining xalqaro standartlarini O‘zbekiston Respublikasi hududida qo‘llash uchun ularni tan olish tartibini belgilaydi.

Auditning xalqaro standartlariga quyidagilar kiradi:

auditning xalqaro standartlari;

sifat nazoratining xalqaro standartlari;

tahliliy tekshirishlarning xalqaro standartlari;

ishonchni ta’minlaydigan topshiriqlarning xalqaro standartlari;

turdosh xizmatlarning xalqaro standartlari.

Auditning xalqaro standartlarini tan olish O‘zbekiston auditorlar palatasi va Xalqaro buxgalterlar federatsiyasi o‘rtasida tuziladigan shartnomaga asosan amalga oshiriladi.

Shartnomaga ko‘ra, auditning xalqaro standartlarini davlat tiliga tarjima qilish uchun ingliz tilidagi matni Xalqaro buxgalteriya federatsiyasidan rasmiy ravishda qabul qilib olinadi va davlat tiliga tarjima qilinadi hamda auditor, ekspertlar, ushbu standartlardan foydalanuvchilar va ilmiy jamoatchilik vakillari bilan muhokama qilinadi.

Maxsus komissiya auditning xalqaro standartlarining davlat tilidagi matni ingliz tilidagi mantga muvofiqligini ko‘rib chiqadi.

Qarorda tarjima qilishda auditorlarning respublika jamoat birlashmalari bilan hamkorlik qilishlari alohida ko‘rsatib o‘tilgan.

Shu maqsadda, 2022 yil 1 noyabrga qadar auditning xalqaro standartlari bo‘yicha bepul o‘qitish ta’lim platformasi ham yaratiladi.

O‘zbekiston Respublikasi hududida auditning xalqaro standartlarini joriy etish to‘g‘risidagi qaror Moliya vazirligi tomonidan qabul qilinadi.

O‘zA