Mamlakatimiz bo‘ylab Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi umumiy o‘rta, maktabgacha va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagoglari ishtirokida attestatsiya jarayonlari boshlandi.
Buxoro viloyatida malaka (test) sinovlari Kogon tumanidagi ixtisoslashtirilgan maktab binosida bo‘lib o‘tmoqda.
Sinov jarayonlarining sifatli va shafof o‘tishini ta’minlash maqsadida barcha shart-sharoit yaratilgan.
Jumladan, kuzatuv kameralari o‘rnatilgan bo‘lib, nazorat o‘tish joylari tashkil etilgan. Shuningdek, kutish xonalari, hamshira xonasi, ona va bola xonasi, oshxona ham ishtirokchilar xizmatida.
Sinovlarda jami 13 832 nafar pedagogning ishtirok etishi rejalashtirilgan.
–Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentyabrdagi 572-sonli “Maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, joriy yilning aprel-may oylarida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi ta’lim muassasalarining pedagoglari malaka test sinovlaridan o‘tkaziladi, –deydi viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Baxtiyor Tuyev. –2024-yil 1-yanvardan boshlab tizim o‘qituvchilariga toifa berish jarayoni bevosita Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan amalga oshirib kelinmoqda. Bunda pedagoglarni attestatsiyadan o‘tkazish uchun vazirlik tomonidan yangi tizim yaratildi hamda malaka toifasini berish amaliyoti takomillashtirilib, inson omilisiz o‘tkaziladigan yangi tizim joriy qilindi.
2023-yil 5-7-dekabr kunlari o‘qituvchilar bilim darajasi past bo‘lgan 20 ta tuman (shahar)da faoliyat olib borayotgan pedagoglar ishtirokida malaka toifalari berishning mazkur yangi tizimi tajriba-sinovdan o‘tkazildi. Unda 4 123 nafar pedagog ishtirok etdi.
[gallery-16951]
Joriy yilning aprel-may oylarida o‘tkazilishi rejalashtirilgan sinov jarayonlari mamlakatimiz miqyosida 2024-yil 15-aprel kuni boshlandi hamda may oyining yakuniga qadar davom etadi.
Xulosa o‘rnida aytish lozimki, ta’lim sifatini oshirishda o‘z ustida tinimsiz ishlaydigan, bilimi va tajribasi yuqori bo‘lgan o‘qituvchilarning o‘rni beqiyos. Yangi attestatsiya tizimi aynan ana shunday malakali o‘qituvchilar sonining ortishi va buning natijasida mamlakatimizda ta’lim sifatining yanada oshishiga xizmat qiladi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat),
O‘zA muxbirlari