Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Atrofimizni toza tutish yurtni ozoda saqlash demakdir
12:48 / 2025-10-22

2025 yil – Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili sifatida e’lon qilingani barchamizdan ekologik madaniyat va shaxsiy mas’uliyatni yanada oshirishni talab etadi.

Shu ma’noda, “Tozalik va ozodalik oyligi” doirasida Jizzax viloyatida amalga oshirilayotgan ishlar muhim ahamiyatga ega.

Ekologik huquqbuzarliklarga qarshi yo‘naltirilgan reyd tadbirlariga mutasaddi tashkilotlardan jalb etilgan guruhlarga maxsus yo‘riqnomalar berildi. Ular ko‘p qavatli uylar atrofi, chiqindi tashlash maydonchalari va chiqindi poligonlarini o‘rganib chiqdi. Patrul guruhlari tomonidan 247 ta qonunbuzarlik holati aniqlandi. Bu raqam – faqat statistika emas, balki atrof-muhitga nisbatan beparvolikning jonli dalilidir.

Shu o‘rinda, qo‘shimcha ravishda, 79 ta mahallaning hududidan 439 tonna maishiy va qattiq chiqindilar olib chiqilganini e’tirof etish lozim. Bu ko‘rsatkich aholining hanuzgacha chiqindilarni belgilangan joylarga tashlash masalasiga yetarli darajada mas’uliyat bilan yondashmayotganini ko‘rsatadi.  

Sanitar tozalash bilan shug‘ullanuvchi korxonalarga tegishli 198 ta avtotransport vositasi texnik ko‘rikdan o‘tkazilgani esa xizmat sifatini oshirishga qaratilgan muhim qadam hisoblanadi.

Shu bilan birga, ayrim hududlarda chiqindi tashlash madaniyati hanuz shakllanmagani, poligonlarning holati va chiqindilarni saralash tizimining yetarli darajada ishlamasligi kabi muammolar “yashil” iqtisodiyot sari intilayotgan mamlakatimiz uchun jiddiy to‘siq bo‘lib turibdi.

Aslida, tozalik va ozodalik reydlari jamoatchilikning o‘zini o‘zi nazorat qilish mexanizmlariga aylanishi kerak. Atrof-muhitni asrash faqatgina davlat organlari emas, har birimizning fuqarolik burchimiz ekanini anglab yetmasak, mavsumiy tadbirlar o‘z samarasini to‘liq bermaydi.

2025 yil biz uchun nafaqat shior, balki amaliy harakatlar yili bo‘lishi shart. Har birimiz shunchaki reydga emas, kelajak uchun, yashash muhitimiz uchun xizmat qilayotganimizni unutmasligimiz zarur.

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA