Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasining 2025 yilda amalga oshirgan ishlari sarhisobi va kelgusidagi ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan majlis bo‘lib o‘tdi.
Unda qishloq va suv xo‘jaligi, atrof-muhitni muhofaza qilish sohalaridagi qonunchilikni takomillashtirish, parlament nazoratini kuchaytirish, fuqarolar murojaatlari bilan ishlash, nazorat-tahlil tadbirlarini tashkil etish, sohada xalqaro hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha olib borilgan ishlarga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Qo‘mita raisi Anvar To‘ychiyev Senat yalpi majlislari kun tartibiga kiritilgan 19 qonun ma’qullangani, bitta qonun rad etilganini qayd etdi.
Qo‘mita tomonidan nazorat-tahlil faoliyati doirasida 30 tadbir o‘tkazilgan hamda qishloq xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot institutlarining faoliyati hamda dorivor o‘simliklarni yetishtirish va ularni qayta ishlash masalalari yuzasidan mas’ullarga parlament so‘rovi yuborilgan.

Yoshlarga yer ajratish orqali ularning bandligini ta’minlash, hududlarda “Yashil makon” umummilliy loyihasining amalga oshirilishi, chorvachilik tarmoqlarini rivojlantirish, yer maydonlarini foydalanishga kiritish, yaylov va o‘rmon fondi yerlarida ozuqabop ekinlar yetishtirishni tashkil etish bo‘yicha vazirlik va idoralar rahbarlarining axborotlari eshitildi.
Qishloq xo‘jaligida eksport hajmini oshirish, issiqxona xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash, aholini uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash kabi masalalar yuzasidan senator so‘rovlari yuborildi.
Qo‘mita tomonidan xalq bilan muloqot va murojaatlar bilan ishlashga alohida e’tibor qaratilib, 700 ga yaqin murojaat ko‘rib chiqilgan hamda ularning salmoqli qismi ijobiy hal etilgan.
Senatorlarning joylarda o‘tkazgan sayyor qabullarida va Senat binosidagi qabullarda fuqarolarning qator ijtimoiy ahamiyatga ega muammolari hal etildi.
Majlisda mahalliy kengashlar bilan hamkorlikda doimiy komissiyalar a’zolari uchun seminar va o‘quv seminarlari tashkil etilgani, xalqaro hamkorlik doirasida xorijiy parlamentlar hamda xalqaro tashkilotlar bilan uchrashuvlar o‘tkazilgani qayd etildi.
Prezidentimizning Oliy Majlis hamda O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida belgilangan ustuvor vazifalarga e’tibor qaratildi.
Murojaatnomadan kelib chiqib, qo‘mitaning 2026 yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan muhim vazifalari belgilab olindi.
“Ekologik toza hududlarning huquqiy maqomi belgilanishi munosabati bilan “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonun ishchi guruh va ekspertlar kengashi a’zolari tomonidan dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi.
N.Abduraimova, O‘zA