Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish bilan bog‘liq qanday jinoyatlar borligini bilasizmi?
11:04 / 2022-02-28

Huquqbuzarliklarning asosan to‘rtta shakli mavjud. Har bir huquqbuzarlik uchun alohida javobgarlikning ham turi mavjuddir. Javobgarliklar ichida jinoiy javobgarlik javobgarliklarning eng og‘ir turi hisoblanadi.

Jinoyat kodeksi Maxsus qismida har bir jinoyatlar muayyan turkumlarga ajratilib, mazkur kodeksning bo‘lim va boblarida o‘z aksini topgan. Jumladan, ekologiya sohasidagi jinoyatlar Jinoyat kodeksi Maxsus qismining to‘rtinchi bo‘limda o‘z aksini topgan bo‘lib, mazkur jinoyatlar “Atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi jinoyatlar” deb nom olgan XIV bob o‘z ifodasini topgan.

Ekologiya sohasidagi jinoyatlarning xavfliligi shundaki, ushbu jinoyatlar sodir etilishi natijasida ekologiyaga, tabiyatga, atrof-muhitga, hayvonot va o‘simlik (o‘rmon) dunyosiga ekologik zarar yetadi. O‘z navbatida mazkur ekologik zarar mamlakat ekologiyasi, atrof-muhit va hayvonot hamda o‘simlik (o‘rmon) dunyosida og‘ir oqibatlarga sabab bo‘ladi.

Ekologik sohadagi jinoyatlar – bu inson va tirik organizmlarning yashashi, asosan ularning tirik qolish holati hamda vositasi sifatida atrof tabiiy muhit xavfsizligiga qaratilgan jinoiy tajovuzlardir. Yevropadagi bir qancha davlatlar “Atrof-muhitni jinoyat qonunchiligi orqali muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Konvensiyaga qo‘shilishgan.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasining 1992 yil 9 dekabrda qabul qilingan “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi 754-XII-sonli qonunining 47-moddasi “Tabiatni muhofaza qilishga doir qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik” deb nomalangan bo‘lib, qonun hujjatlarida belgilangan qoidalarni buzgan aybdor bo‘lgan shaxslar O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga binoan intizomiy, ma’muriy, jinoiy va boshqa yo‘sindagi javobgarlikka tortilishi nazarda tutilgan.

O‘zbekiston Respublikasining amaldagi Jinoyat kodeksida ekologiya sohasidagi jinoyatlarning quyidagi turlari nazarda tutilgan:

1. Ekologiya xavfsizligiga oid normalar va talablarni buzish (JK 193-moddasi);

2. Atrof tabiiy muhitning ifloslanganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni qasddan yashirish yoki buzib ko‘rsatish (JK 194-moddasi);

3. Atrof tabiiy muhitning ifloslanishi oqibatlarini bartaraf qilish choralarini ko‘rmaslik (JK 195-moddasi);

4. Atrof tabiiy muhitni ifloslantirish (JK 196-moddasi);

5. Yer, yer osti boyliklaridan foydalanish shartlarini yoki ularni muhofaza qilish talablarini buzish (JK 197-moddasi);

6. Sug‘oriladigan yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olishga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha choralar ko‘rmaslik (JK 1971-moddasi);

7. Ekinzorlarni, o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni shikastlantirish yoxud nobud qilish (JK 198-moddasi);

8. O‘simliklar kasalliklari yoki zararkunandalari bilan kurash talablarini buzish (JK 199-moddasi);

9. Veterinariya, veterinariya-sanitariya qoidalari va normalarini buzish (JK 200-moddasi);

10. Zararli kimyoviy moddalar bilan muomalada bo‘lish qoidalarini buzish (JK 201-moddasi);

11. Hayvonot yoki o‘simlik dunyosidan foydalanish tartibini buzish (JK 202-moddasi);

12. Suv yoki suv havzalaridan foydalanish shartlarini buzish (JK 203-moddasi);

13. Muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning rejimini buzish (JK 204-moddasi).

 

TDYUU Jinoyat huquqi, kriminologiya

 va korrupsiyaga qarshi kurashish kafedrasi

 dotsenti vazifasini bajaruvchisi, yu.f.f.d. (PhD)

A.Allanova

TDYUU Jinoyat huquqi, kriminologiya

 va korrupsiyaga qarshi kurashish kafedrasi

 dotsenti vazifasini bajaruvchisi, yu.f.f.d. (PhD)

F.Xudaykulov