Bugungi kunda ekologik muammolar nafaqat birgina mamlakatning, balki butun jahon muammosiga aylanib bormoqda. Shu ma’noda O‘zbekiston Xitoy bilan ko‘plab sohalarda bo‘lgani kabi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi borasida ham samarali hamkorlik olib bormoqda.
Ma’lumotlarga tayanadigan bo‘lsak, shu kunga qadar bir nechta loyihalar bo‘yicha izchil ishlar yo‘lga qo‘yildi. Xususan, 2007 yil 3 noyabrda Xitoy Xalq Respublikasi Atrof-muhitni muhofaza qilish davlat boshqarmasi bilan o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
2019 yilda esa Orol dengizi xalqaro innovatsiya markazi va Xitoy Fanlar akademiyasi qoshidagi Shinjon Ekologiya va geografiya instituti o‘rtasida Orol dengizi mintaqasida ilmiy hamkorlikni rivojlantirishga borasida kelishuvga erishilgan.
Shuningdek, Xitoy Xalq Respublikasi qum bo‘ronlari va cho‘llarni nazorat qilish bo‘yicha milliy kengashi raisi An Fendzining Samarqandda o‘tkazilgan (CRIC-21) — BMTning cho‘llanish to‘g‘risidagi konvensiyasi ijrosini ko‘rib chiqish qo‘mitasining 21-sessiyasida ishtirok etishi o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash borasidagi yana bir muhim qadamga aylandi.
Bundan tashqari, An Fendzi va Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov o‘rtasidagi uchrashuv o‘tkazilib, yerlarning degradatsiyasi hamda barqaror yer boshqaruvi bo‘yicha tadqiqotlar olib borish, tajriba almashish va O‘zbekistonning chang, qum bo‘ronlari xavfi yuqori bo‘lgan hududlarida qo‘shma ilmiy-tadqiqot faoliyatini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Yakunda cho‘llanish va yerlarning degradatsiyasiga qarshi kurashish sohasida ilmiy-amaliy hamkorlik to‘g‘risida Memorandum ishlab chiqish hamda imzolash orqali tez orada yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishilgan.
Bundan tashqari, 2023 yilda Ekologiya vazirligi xodimlari Xitoyda tajriba almashish bo‘yicha o‘quv dasturlarida ishtirok etishdi, bu esa xodimlarga o‘z bilim va ko‘nikmalarini kengaytirish imkonini berdi. Qolaversa, bugungi kunda Xitoy bilan Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (SHHT) hamda Qor qoploni va uning ekotizimini saqlash bo‘yicha global dastur (GSLEP) kabi xalqaro platformalar doirasida hamkorlik qilinmoqda. Atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi Bitim loyihasi ishlab chiqilmoqda.
Darhaqiqat, Xitoy unumdor tuproqlarni tabiatning salbiy ta’siridan himoya qilishga yordam beruvchi ekologik loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha yetakchi davlatlardan biri hisoblanadi. Cho‘llanishga qarshi kurashish va ekotizimlarni tiklashda ham katta tajribaga ega.
Xususan, so‘nggi 10 yilda “Uch shimol” loyihasi doirasida o‘rmonlar maydoni 33,3 million gektardan ortiqroqqa ko‘paydi, deyiladi O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi ma’lumotida.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoydan O‘zbekistonga ilk bor chiqindi tashiydigan elektromobil olib kelindi hamda Xitoy va O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi vakillari bilan ekologik toza binolar qurish, chiqindilarni qayta ishlash masalalari muhokama qilindi.
Marhabo Madaminova, O‘zA