Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Atrof-muhitni muhofaza qilish dolzarbligicha qolmoqda
13:33 / 2023-07-14

Karmana tuman hokimligida Navoiy viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi tomonidan tadbirkorlar va OAVlari ishtirokida “Atrof-muhitni muhofaza qilishda qonunchilik talablariga rioya etish hamda ko‘mir yoqilg‘isida pishgan g‘isht, ohak va boshqa turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanayotgan korxonalarga zamonaviy gaz-chang tozalash uskunalarini o‘rnatish samaradorligi” mavzusida amaliy seminar o‘tkazildi.

Unda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Davlat ekologik sertifikatlashtirish va standartlashtirish markazi direktori Nodir Yunusov tomonidan avtomatik stansiyalarning texnologiyalari va imkoniyatlari hamda sanoat korxonalarida atmosfera havosiga ifloslantiruvchi moddalar va biologik organizmlar chiqarilishini oldini olish holatlari to‘g‘risida tushunchalar berildi. Shuningdek, ushbu tadbirda “ZOOM” platformasi orqali xorijiy ishlab chiqaruvchi kompaniya vakillari ham ishtirok etib, ishlab chiqarish korxonalariga zamonaviy gaz-chang tozalash uskunalarini o‘rnatish samaradorligi to‘g‘risida taqdimot namoyish etildi.  

Hech kimga sir emas, keyingi yillarda keng jamoatchilik o‘rtasida sanoat korxonalari va avtotransport vositalari sonining keskin oshganligi bois atmosfera havosi haddan ziyod ifloslanib ketayotganligi to‘g‘risidagi e’tirozlari ko‘paymoqda. Afsuski, bugungi kunda metallurgiya, kimyo va mashinasozlik sanoati rivojlangan Navoiy shahrida havoning ifloslanishi sezilarli darajada oshgan.  

Ma’lumotlarga ko‘ra, Navoiy viloyatida so‘nggi 4 yilda sanoat korxonalarining soni, qurilish ishlari hajmi ikki barobar, transport vositalari soni esa to‘rt barobarga o‘sgan. Buning natijasida chang-gaz miqdori 4-5 barobarga oshgan. Yashil hududlar yildan-yilga kamaymoqda.  

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, bir yilda viloyat hududida atmosferaga 109 ming 225 tonna har xil turdagi gaz va chang chiqariladi. Ularning 69 ming tonnasi sanoat korxonalari va 40 ming 225 tonnadan ziyodrog‘i avtotransport vositalari hissasiga to‘g‘ri keladi. Bunda eng yuqori “ulush”ni yirik sanoat korxonalari faoliyat yuritayotgan Navoiy shahri, Konimex, Karmana va Tomdi tumanlari egallamoqda.  

– Sanoat korxonalaridagi chang-gazlarni tozalash uskunalarining 331 tasi, ya’ni 65 foizi 10-15 yil avval o‘rnatilgan bo‘lib, ular ma’nan va jismonan eskirgan, – deydi boshqarmaning atmosfera havosini muhofaza qilish bo‘limi boshlig‘i Tolmas Quvonov. – Hozirgi kunda faoliyat ko‘rsatayotgan yirik sanoat korxonalarida mavjud chang-gazlarni tutib qolish uskunalarining samaradorligi esa atigi 86 foizni tashkil qilmoqda. Vaholanki, 2030 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasining Atrof muhitni muhofaza qilish Konsepsiyasida atmosfera havosini ifloslantiruvchi statsionar manbalarda samaradorligi 99,5 foizdan past bo‘lmagan qurilmalar o‘rnatilishini ta’minlash belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 30 oktyabrdagi “2030 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasining Atrof muhitni muhofaza qilish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida” gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida Navoiy viloyatida 19 korxonadagi 43 chang-gaz tozalash uskunalarini yangidan o‘rnatish hamda modernizatsiya qilish ishlarini olib borish rejalashtirilgan edi. Hozirda ishlab chiqarish korxonalari tomonidan chang-gaz tozalash uskunalarini yangidan o‘rnatish bo‘yicha bir qator loyihalar amalga oshirilmoqda.  

Jumladan, Zarafshon shahridagi “Sarbon” MCHJga tegishli asfalt ishlab chiqarish zavodi, Qiziltepa tumanidagi “Oq oltin kapital servis” MCHJga tegishli g‘isht zavodi, Karmana tumanidagi “Karim” XK ga tegishli ohak ishlab chiqarish zavodlari uchun “Region Biznes Navoiy” MCHJ tomonidan chang-gaz tozalash uskunalari o‘rnatildi. Shuningdek, Qiziltepa tumanidagi “Hazrati Amir kulol yog‘du” MCHJ, “Qiziltepa poydevori” MCHJ hamda “Bunyodkor madadkor quruvchi” MCHJlarga tegishli pishgan g‘isht ishlab chiqarish zavodlari tomonidan imkoniyatlardan kelib chiqqan holda chang-gaz tozalash uskunalari o‘rnatildi. Bundan tashqari, Navoiy shahridagi “Agro miltech” MCHJ va Karmana tumanidagi “Karmana Asl don” MCHJlar tomonidan 2 donadan Turkiya davlatining DEGPA firmasida ishlab chiqarilgan 95 foiz samaradorlikka ega bo‘lgan uskunalar olib kelib o‘rnatilgan.  

Bugungi kunda viloyatda to‘g‘ridan-to‘g‘ri atmosfera havosiga chang-gazlar chiqarayotgan korxonalarning aksariyati chang-gaz tozalash uskunalarisiz ishlab kelmoqda. Bu korxonalarga asosan pishgan g‘isht, ohak ishlab chiqarish hamda umumiy ovqatlanish korxonalari kiradi. Navoiy shahrida faoliyat yuritayotgan “Go‘zal maskan Navoiy” MCHJ ga qarashli “Navoiy” umumiy ovqatlanish shoxobchasiga ko‘mir yoqilg‘isi foydalanish natijasida atmosfera havosiga chiqadigan ifloslantiruvchi moddani kamaytirish maqsadida chang gaz tozalash uskunasi o‘rnatildi.  

– Shahardagi “Yangiobod” MFYda istiqomat qiluvchi fuqarolar hududdagi umumiy ovqatlanish shoxobchalari (kabobxona)dan ko‘mir yoqilg‘isini yoqqanda hosil bo‘lgan ifloslantiruvchi moddalar atrofga taralib, atmosfera havosini buzayotganligi, bu esa aholi salomatligiga ziyon keltirayotgani sabab o‘z e’tirozlarini bildirishgan edi, – deydi umumiy ovqatlanish shoxobchasi direktori G‘aybullo Ergashev. – Murojaatni Ekologiya boshqarmasi mutaxassislari bilan hamkorlikda o‘rganib chiqdik va ularning ko‘magida chang-gaz tozalash uskunasini o‘rnatdik. Shuningdek, Navoiy viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi hamda Navoiy davlat konchilik universiteti olimlari hamkorligida Qiziltepa tumani “Oqtosh” MFY hududida joylashgan “Qiziltepa beton qurilish montaj servis” MCHJda mahalliylashtirish hisobidan ishlab chiqarish korxonalari uchun gaz-chang tozalash uskunasi o‘rnatildi. Mazkur qurilma loyihasi aynan qiziltepalik tadbirkor tomonidan moliyalashtirildi.  

Seminar davomida tadbirkorlarni qiziqtirgan savollarga mutasaddilar tomonidan atroflicha javob qaytarildi.  

 

A.Bo‘riyev,  

O‘zA