Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Atrof-muhitni asrash konstitutsiyaviy burchimizdir
12:00 / 2025-12-04

Shu kunlarda yurtimiz bo‘ylab Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 33 yilligi keng nishonlanmoqda. Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi hamda O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi hamkorligida o‘tkazilgan seminar ham ayni sanaga bag‘ishlandi.

“Atrof-muhitni muhofaza qilishning konstitutsiyaviy asoslari” mavzusidagi tadbirda yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda aholining ekologik huquqlari mustahkamlab qo‘yilganiga alohida e’tibor qaratildi.

Ta’kidlanganidek, Asosiy qonunimizda davlat barqaror rivojlanish prinsipiga muvofiq, atrof-muhitni yaxshilash, tiklash va muhofaza qilish, ekologik muvozanatni saqlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishi o‘z aksini topgan.

Deputatlar Asosiy qomusimizda tabiat va jamiyat tizimidagi o‘zaro munosabatlarni tartibga soluvchi maxsus normalar belgilangani, ular ekologik huquqiy munosabatlar poydevorini tashkil etishi, uning har bir moddasi dasturilamal ekani, hayotimiz qoidasiga aylanishi zarurligini qayd etdilar.

Darhaqiqat, Konstitutsiyaning 62-moddasida fuqarolar atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishga majbur ekanligi mustahkamlab qo‘yilgan. Bu fuqarolarning ekologik mas’uliyatini oshirishga, tabiatga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishiga zamin bo‘ladi.  

Seminarda Asosiy qonunimizda Vazirlar Mahkamasi atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy boyliklarni va biologik xilma-xillikni saqlash, iqlim o‘zgarishiga, epidemiyalarga, pandemiyalarga qarshi kurashish hamda ularning oqibatlarini yumshatish sohalarida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta’minlashi belgilab qo‘yilgani haqida ham to‘xtalib o‘tildi. Bu borada ayniqsa, bugungi atmosfera havosi ifloslangan bir paytda ushbu normalar asosida bir qator chora-tadbirlar ko‘rilayotgani ta’kidlandi.

Qayd etildiki, Asosiy qonunimizda belgilab berilgan normalarning hayotga keng ko‘lamda joriy etilishida nafaqat davlat va jamiyat, shu bilan birga, har bir fuqaro faollik ko‘rsatishi lozim. Ayniqsa, atrof-muhit muhofazasi, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, yurtimizda ekologik holatni sog‘lomlashtirish har bir fuqaroning burchi va mas’uliyatidir.  

Muhtarama Komilova, O‘zA