Navoiy viloyatining Navbahor tumanidagi “Sarmishsoy” muzey qo‘riqxonasida “Plogging Tour” ekoharakati hamda “Piknik madaniyati” aksiyasi o‘tkazildi.
Davlatimiz rahbarining 2023 yil 31 maydagi “Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan tadbirda viloyat Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi, Turizm, O‘rmon xo‘jaligi, Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish boshqarmalari, Ekoturizm va ovchilikni rivojlantirish departamenti xodimlari hamda 100 nafarga yaqin ekovolontyor yoshlar ishtirok etdi.
Hech kimga sir emas, bahor mavsumida tabiat qo‘ynida dam olish va piknik qilish maqsadida tashrif buyurgan aholi vakillari tomonidan chiqindilar tashlanishi, tartibsiz gulxan yoqilishi holatlari ko‘plab uchraydi. Natijada atrof-muhit ifloslanib, o‘simlik va hayvonot olamiga zarar yetadi. Ushbu tadbirlarni o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad esa yuqoridagi kabi holatlarning atrof-muhit uchun nechog‘lik zararli ekanligini dam oluvchilarga uqtirish, “plogging” va “piknik” orqali ularni tabiatni toza saqlashga undash, dam olish, ekologik madaniyatni shakllantirishdir.
– Ushbu tadbirlarni Sarmishsoy darasida o‘tkazilishi bejizga emas, – deydi viloyat turizm boshqarmasi bosh mutaxassisi Hilola Xudoyberdiyeva. – Chunki bu hudud mahalliy aholi va xorijiy sayyohlar dam olishi va tomosha qilishi uchun ko‘p tashrif buyuradigan maskan hisoblanadi. Sarmishsoy darasida 7 ming yillik 10 mingdan ortiq noyob qoyatosh suratlari, arxeologik-madaniy meros yodgorliklari va rang-barang tabiat boyliklari mavjud. Olimlarning ta’kidlashicha, qoyatosh suratlari 35 dan ortiq tematik obraz va syujetlarni aks ettiradi. Qoyalarga inson qiyofalari, ularning ov va mehnat qurollari, liboslari, maishiy buyumlari o‘yib ishlangan. Ular bilan bir qatorda har xil jonivorlarning suratlari ham aks ettirilgan bo‘lib, bu jonivorlarning ko‘pchiligi allaqachon qirilib ketgan va bugun mamlakatimiz hududida uchramaydi.
So‘nggi 3 yilda “Sarmishsoy” davlat muzey qo‘riqxonasiga tashrif buyuruvchi mahalliy va xorijiy sayyohlarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida turizm infratuzilmasini yaxshilash maqsadida 36,4 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. 2024 yilda bu yerga 150 ming nafar mahalliy, 32 ming nafar xorijiy sayyoh kelib ketgan bo‘lsa, joriy yilda esa 200 ming nafar mahalliy hamda 50 ming nafarga yaqin xorijiy sayyohlar tashrifi kutilmoqda.
[gallery-23705]
Hozirda sayyohlar va dam olishga kelgan aholi uchun qulaylik yaratish maqsadida hududda 13 ta joylashtirish vositalari, jumladan, 5 ta xostel, 4 ta dam olish maskani, 4 ta oilaviy mehmon uylari xizmat ko‘rsatmoqda.
Tadbir yakunida aksiyada faol qatnashgan ishtirokchilar munosib taqdirlandi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari