Toshkent davlat yuridik universiteti o‘qituvchi xodimlaridan iborat 300 dan ortiq ishchilar "Mahalla obodligi – yurt farovonligi" shiori ostida o‘tayotgan umumxalq xayriya hashariga o‘z hissalarini qo‘shish maqsadida ertalabdan universitet binosiga kelishdi. Erkaklarning qo‘llarida tesha, belkurak, panshaxa, arra, ketmon.
Ayollar esa supurgilarini qo‘llariga olib universitet atrofidagi hovlida tozalik va obodonlashtirish ishlarini boshlab yuborishdi.
— bugungi hasharni, eng avvalo, ertalabki salqin havoda 100 tupga yaqin archa ko‘chatini ekishdan boshladik, — deydi Ma’naviyat ma’rifat markazi direktori Sherzod Po‘latov. — Hasharga 50 yoshgacha bo‘lgan yosh xodimlarni jalb qildik. Jamoaviy ahil bo‘lib birgalikda obodonlashtirish ishlariga o‘z hissamizni qo‘shyapmiz.
Universitet hududiga yaqin bo‘lgan markaziy maydon ichidagi yerlarni chopib, daraxtlar atrofini yumshatayotgan yigitlarni suhbatga tortdik.
— Hashar bayramona kayfiyatda o‘tyapdi, – deydi Xalqaro xususiy huquq kafedrasi o‘qituvchisi Muhammdali Turdaliyev. — To‘g‘risini aytsam aqliy mehnatdan keyingi bunday jarayon odamga zavq bag‘ishlar ekan. Hasharni yaxshi tarafi shundaki, hamkasblarni bir-biriga yaqinlashtirib, hamjihatlikka undaydi. Undan tashqari ustoz-shogird an’analari ham o‘ziga xos ko‘rinishda namoyon bo‘ladi.
— Ish yuzasidan xorij safarlarida bo‘lasiz, yurtimizdagi kabi umumxalq hashariga xorijliklarning munosabatlari qanday?
— Yurtimizda o‘tkaziladigan hashar tadbiri butun dunyoda o‘xshashi (analogi) bo‘lmagan ommaviy tadbir hisoblanadi, – deydi M. Turdaliyev.
—Ko‘plab xalqaro konferensiyalar, tadbirlarda ishtirok etganimizda ularning hashar haqida aytgan iliq fikrlaridan bu tadbirga qiziqishlari kuchli ekanini bilib olamiz. Xorijda bunday ishlarni maxsus ishchilar bajaradi. Bizda ham ko‘cha va yo‘laklar, maydon atroflari tozaligiga mas’ul obodonlashtirish xodimlari bor. Ammo atrof-muhit tozaligiga birgina ular emas, hammamiz birdek javobgarmiz. Tabiatning in’omlaridan bahra oladigan har bir inson qayerda, qaysi davlatda yashashidan qat’iy nazar uni asrab-avaylashga o‘z hissasini qo‘shishi kerak, deb hisoblayman.
Ha, Qutlug‘ Ramazon ayyomi arafasida o‘tkazilayotgan bugungi hashar o‘zgacha.
Yo‘laklardagi toshlar orasidan yorib chiqqan begona o‘tlarni shijoat bilan tozalayotgan ayollar, to‘plangan chiqindilarni yig‘ib, galma galdan qutilarga olib borib tashlayotgan yigitlar, daraxtlar atrofini yumshatayotgan otalarning harakatlarini kuzatib, hamjixatlikda gap ko‘p ekaniga yana bir karra iqror bo‘ldik.
[gallery-6897]
Nigora Rahmonova, Nosir Haydarov (foto) O‘zA.