Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Atrof-muhit musaffoligi va aholi mas’uliyati
18:27 / 2015-06-16

Mamlakatimizda iqtisodiyot tarmoqlari va aholi xonadonlarida energiya tejaydigan lampalardan foydalanish tobora kengaymoqda. O‘z navbatida, yaroqsiz holga kelgan bunday lampalarni zararsizlantirish masalasi ham nihoyatda dolzarb.

Mamlakatimizda iqtisodiyot tarmoqlari va aholi xonadonlarida energiya tejaydigan lampalardan foydalanish tobora kengaymoqda. O‘z navbatida, yaroqsiz holga kelgan bunday lampalarni zararsizlantirish masalasi ham nihoyatda dolzarb. Zero, tarkibida simob mavjud bo‘lgan ushbu chiqindilarni tashlash ekologiya va inson salomatligi uchun xavfli. 

O‘zbekiston Respublikasining “Chiqindilar to‘g‘risida”gi qonuni va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 21-sentabrdagi “Simobli lampalarning ishlatilib bo‘lgan resurslarini to‘plash va ularni utilizatsiya qilishni tashkil etish to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori bunda muhim omil bo‘lmoqda. 

Mamlakatimizning turli hududlarida simobli lampalarni demerkurizatsiya qilishga ixtisoslashgan o‘nta korxona faoliyat yuritmoqda. 2014-yilda ular tomonidan besh yuz ellik ming donadan ziyod lampa zararsizlantirildi. Poytaxtimizda faoliyat yuritayotgan “NEO Sun Light” mas’uliyati cheklangan jamiyati shunday korxonalardan biri. 

Toshkent viloyati tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi tomonidan davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ekologlar va jurnalistlar uchun mazkur korxonaga mediatur tashkil etildi. Bundan maqsad energiya tejaydigan lampalarni zararsizlantirish borasidagi chora-tadbirlardan aholining xabardorligini oshirishdir. 

Mazkur korxonada yiliga olti million donadan ortiq energiya tejaydigan lampa ishlab chiqariladi. Ikki yuz ellikdan ortiq mutaxassis va ishchi ushbu yo‘nalishda mehnat qilmoqda. Korxonada ishlab chiqarishga zamonaviy texnologiyalar keng joriy etilgani atrof-muhitga salbiy ta’sir etishning oldini olishga xizmat qilmoqda.

2014-yilda korxonaning yaroqsiz lampalarni utillashtirishga ixtisoslashgan sexida tashkilotlar va aholidan oltmish ming donadan ortiq shunday chiqindi qabul qilinib, zararsizlantirildi. 

Bu boradagi ishlarni yanada rivojlantirish, energiya tejaydigan texnologiyalarni amaliyotga keng joriy etish, hosil bo‘lgan chiqindining atrof-muhitga salbiy ta’sirining oldini olish muhim vazifadir. Davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligida chiqindilar, jumladan, yaroqsiz lampalarni zararsizlantirish jarayonini nazorat qilish bo‘yicha doimiy monitoring tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Bu jarayonda yurtdoshlarimiz zimmasida ham o‘ziga yarasha mas’uliyat bor. Chunki, foydalanilib yaroqsiz holga kelgan simobli lampalarni yaqin atrofdagi maishiy chiqindi yig‘ish shoxobchasiga butunligicha yetkazsak, uning atrof-muhitga zararining oldini olgan bo‘lamiz.

Mediatur davomida chiqindilarni zararsizlantirish jarayoni haqida ma’lumot berildi. Tadbir qatnashchilari “NEO Sun Light” korxonasining ishlab chiqarish faoliyati, chiqindilarni utillashtirishga ixtisoslashgan sexlardagi ish jarayoni, yangi texnologiyalardan foydalanish ko‘lamini kengaytirishga yo‘naltirilgan loyihalar bilan bevosita tanishdi.