Toshkent viloyati Ekologiya atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi inspektorlari tomonidan hududlarda fuqarolarga belgilanmagan joylarga chiqindi tashlamaslik va uni yoqmaslik to‘g‘risida tushuntirish ishlari muntazam ravishda olib borilmoqda.
Biroq, ayrim fuqarolar tomonidan belgilanmagan joylarga chiqindi tashlash bilan bog‘liq huquqbuzarliklar hamon uchrab turibdi. Tahlillarga ko‘ra, 2024 yilning shu davrigacha o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida 2 ming 699 ta chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlash bilan bog‘liq huquqbuzarliklar aniqlandi. Qonunbuzarlarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy Javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning tegishli moddalariga asosan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan va jarima choralari ko‘rilgan.

Toshkent viloyati Ekologiya atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi Parkent tumani bo‘limi hamda viloyat Ichki Ishlar boshqarmasi post-patrul xizmati xodimlari bilan birgalikda tezkor reyd tadbiri o‘tkazdi. Jumladan, “Quyosh” MFY hududiga har xil turdagi chiqindilarni fuqaro N.Sh. tomonidan avtotransport vositasida to‘kayotgani aniqlandi. Holat yuzasidan huquqbuzarga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi va jarima qo‘llanildi.

Prezidentimizning 2020 yil 29 sentyabrdagi “Maishiy va qurilish chiqindilari bilan bog‘liq ishlarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan hududlarda sanitar tozalash xizmatlari davlat-xususiy sherikchilik loyihasi asosida xususiy sektorlarga biriktirish vazifasi belgilangan. Shu bo‘yicha Toshkent viloyatidagi 9 ta tuman va shaharlar imzolangan bitimga asosan investitsiya kiritish majburiyati bilan davlat-xususiy sherikchilik loyihalari asosida xususiy korxonalarga biriktirib berilgan.

– Bekobod va Ohangaron shaharlarida sanitar tozalash tegishli hujjat asosida Muqobil xizmat ko‘rsatuvchi korxonalarga biriktirilgan, – deydi Toshkent viloyati Ekologiya atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Jasur Mamajonov. – Umuman olganda, Toshkent viloyatidagi shahar va tumanlarda sanitar tozalash xizmatlari hozirgi kunda 3 ta davlat-xususiy sherikchilik, 14 ta alternativ korxonalar hamda “Toza hudud” DUK filiali tomonidan sanitar tozalash xizmatlari bilan qamrov darajasi 89 foizni tashkil etadi. Hududda 34 ta maishiy chiqindilarni qayta ishlovchi korxonalar mavjud bo‘lib, ular tomonidan joriy yilning III choragida 65 ming 814 tonna maishiy chiqindilar qayta ishlangan.
Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 2 oktyabrdagi “Maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi ishlar samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan maqsadli korxona va tashkilotlar tomonidan joylarda chiqindi qutilar o‘rnatish lozimligi belgilangan edi. Bu bo‘yicha hozirgi kunda 1 ming 385 dona chiqindi qutilari o‘rnatilgan va bu boradagi ishlar davom etmoqda.
A.Musayev,O‘zA.