O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy kengashida "Atrof-muhitni muhofaza qilishda raqamli texnologiyalar va kiberxavfsizlik masalalari" mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Unda "Kiberxavfsizlik markazi" bo‘lim mutaxassisi Baxtiyor Sobirov hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti bosh ilmiy xodimi Amiriddin Anorboyev axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlar va ulardan himoyalanish yo‘llari, sohaning huquqiy asoslari, bu boradagi jinoyatlar uchun javobgarlik kabilar haqida tushuntirishlar berib o‘tdi.

Partiya rahbari Abdushukur Hamzayev so‘nggi yillarda raqamli texnologiyalar hayotimizning barcha sohalariga jadal kirib kelgani, raqamlashtirish ish jarayonlarini tezlashtirib, shaffoflikni oshirib, qulaylik yaratayotganini ta’kidladi:

- Biroq, bu jarayonning ikkinchi tomoni ham bor, raqamli muhit kengaygan sari kiberxavflar ham ortib bormoqda. Raqamli texnologiyalar taraqqiyot va qulaylik manbai bo‘lsa, kiberxavfsizlik shu taraqqiyotning kafolati hisoblanadi. Shu bois, xavfsizlik masalasiga jiddiy e’tibor qaratishda bu kabi davra suhbatlari juda muhim, - dedi partiya rahbari.

Virtual olam, axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlardan himoyalanish borasida huquqiy asoslarni mustahkamlash borasida fikr-mulohazalar bildirildi. Shuningdek, atrof-muhitni muhofaza qilishda raqamli texnologiyalarning ahamiyati va bu jarayonda ham xavfsizlikni mustahkamlash bo‘yicha takliflar ilgari surildi.
M.Komilova, O‘zA