O‘rta Chirchiq tumanida atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanishga oid amaldagi qonun hujjatlari bilan bog‘liq holatlar yuzasidan tadbir o‘tkazildi.
Toshkent viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda hududiy inspektorlar ishtirok etdi. Unda hududlarda joriy yil boshidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlarining natijasi tahlil qilindi.
Xususan, joylarda 1 ming 399 ta holat aniqlanib, unda aybdorlarga nisbatan 869 million 801 ming so‘m jarima qo‘llanilgan. Shundan 39 foizi undirilgan. Bu natija tufayli ayrim inspektorlar faoliyati qoniqarsiz baholandi. O‘z ishiga sovuqqonlik bilan qaragan Yangiyo‘l, Parkent, Oqqo‘rg‘on hamda Bo‘ka tumanlari inspektorlari o‘z vazifasiga yetarlicha yondashmagan. Boshqarma boshlig‘i B.Meliyev vazifasiga mas’uliyatsizlik bilan qaragan xodimlarni qat’iy ogohlantirdi.
Shu bilan birga, viloyatda start berilgan “Toza havo” tadbiri doirasida olib borilayotgan ishlar va kamchiliklar ham ko‘rib chiqildi. Birgina Ohangaron tumani va shahrida bir kunda 10 dan ortiq texnikaning nosozligi aniqlangan. IIBB YPX xodimlari tomonidan ushbu nosoz avtoulov haydovchilariga nisbatan shu joyda tegishli tartibda ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi va texnikalarni soz holatga keltirish bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borildi.
Biroq ayrim haydovchilarning belgilangan tartibga rioya qilmagani havoga salbiy ta’sirini ko‘rsatmoqda.
Tadbirda suv, yer resurslari va yer osti boyliklarini muhofaza qilish sohasida amalga oshirilgan ishlar haqida ham to‘xtalib o‘tildi.
Jumladan, Bo‘stonliq, Qibray, Yuqori Chirchiq, Quyi Chirchiq, Chinoz, Bekobod, Oqqo‘rg‘on tumanlari va Chirchiq, Bekobod shaharlari daryo o‘zanlari sohil bo‘yi mintaqalari va suvni muhofaza qilish zonalarida noruda materiallarni qazib olish faoliyati bilan shug‘ullanayotgan barcha subyektlar tomonidan tegishli majburiyatlar bajarilishini nazoratga olish kerakligi uqtirildi.
A.Musayev, O‘zA muxbiri