Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Atrof muhit muhofazasi va “Yashil iqtisodiyot”ning konstitutsiyaviy kafolatlari
22:33 / 2024-11-16

O‘zbekiston Respublikasi xalqaro huquqning teng huquqli a’zosi sifatida ekologiya sohasida o‘nlab xalqaro konvensiyalarni ratifikatsiya qilib, bir qator muhim majburiyatlarni amalga oshirish yuzasidan milliy dastur va chora-tadbirlar rejasini amalga oshirmoqda. Ushbu majburiyatlar o‘z navbatida, fuqarolarning ekologik huquq va erkinliklarini ta’minlash, barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanishni tashkil etish hamda ekologik muhitga yetkazilayotgan salbiy oqibatlarni kamaytirish asosida iqlim o‘zgarishlarining ta’sirini yumshatishga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirishni taqozo etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasi (COP 29)dagi nutqida “иқлим o‘zgarishlari bugungi kunda asosiy global tahdidga aylanib bormoqda, geosiyosiy ziddiyatlar kuchayishiga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda. Ayniqsa, kambag‘allikka qarshi kurash, oziq- ovqat va energetika xavfsizligi, suv va resurslardan foydalanish muammolarini kuchaytirmoqda. Bularning asoratlarini Markaziy Osiyoda o‘tkir his qilmoqdamiz. Iqlim muammolari aholimizning turmush sifatini oshirish va milliy taraqqiyot strategiyalarini ro‘yobga chiqarishda yangi to‘siqqa aylanmoqda”-deb e’tirof etdi. O‘zbekiston Respublikasi ekologiya sohasidagi muhim xalqaro konvensiya va kelishuvlarni ratifikatsiya qilib,  bu borada keng ko‘lamli iqtisodiy-ijtimoiy va tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda. Xususan, Parij bitimi doirasida mintaqada havo haroratining jadal o‘sishiga yo‘l qo‘ymaslik va joriy yuz yillikda 1,5-2 gradus atrofida saqlab qolishga erishishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada O‘zbekistonda uglerod neytralligiga erishish bo‘yicha keng miqyosdagi islohotlarni qat’iy olib borish va 2030 yilgacha havoga isciqxona gazlari chiqarilishini 35 foizga kamaytirishga erishish lozim. O‘z navbatida “Yashil” energetika ulushini 40 foizgacha oshirish, elektromobil va “yashil” vodorod klasterlari, quyosh va shamol generatsiya xablarini yaratishga ustuvorlik beriladi. Shuningdek, “Yashil makon” umummilliy dastur asosida ko‘kalamzor hududlarni keskin ko‘paytirish orqali iqlim o‘zgarishlarining salbiy oqibatlarni kamaytirish va boshqalar.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, mamlakat rahbari tomonidan 2025 yilni yurtimizda “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb e’lon qilinishi davlat siyosatining  ekologik barqarorlikka erishish hamda iqtisodiyot tarmoqlarini ekologik normativ-standartlar asosida modernizatsiya qilish tizimidagi muhim qadamlardan biri bo‘lib hisoblanadi. 

Ma’lumki, joriy yilning 30-aprelida mamlakatimizda o‘tkazilgan umumxalq referendumida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi yangi tahrirda qabul qilindi. Konstitutsiyamizda “shaxs-jamiyat-davlat” tizimining huquqiy maqomi belgilangan bo‘lib, birinchidan, milliy davlatchilik tajribamiz va  qadriyatlarimiz, ikkinchidan, rivojlangan davlatlarning ilg‘or tajribasi va uchinchidan, xalqaro huquqning umume’tirof etilgan zamonaviy norma va tamoyillari mujassam etilgan.

 Shuni alohida ta’kidlash joizki, Konstitutsiyamizda davlatimiz ekologik siyosatining asosiy yo‘nalishlari, fuqarolar va yuridik shaxslarning ekologik huquq va majburiyatlariga oid qoida-talablar ham mustahkamlangan. Xususan, Bosh qonunimizning Muqaddimasida “mamlakatimizning bebaho tabiiy boyliklarini ko‘paytirishga hamda hozirgi va kelajak avlodlar uchun asrab-avaylashga hamda atrof-muhit musaffoligini saqlashga astoydil ahd qilib”-deb belgilanishi o‘z navbatida, davlatimizning ekologik muammolarni oldini olish, tabiiy resurslarning xilma-xilligini ta’minlash va atrof tabiiy muhit holatini yaxshilash orqali hozirgi va kelajak avlodlar oldidagi davlatning strategik maqsad va vazifalarini ifodalaydi.

Shuni alohida e’tirof etish lozimki, konstitutsiyamizning mazmun-mohiyatini fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash bilan bog‘liq huquqiy kafolatlar tashkil etadi. Xususan, 49-moddada “Har kim qulay atrof-muhitga, uning holati to‘g‘risidagi ishonchli axborotga ega bo‘lish huquqiga ega. Davlat fuqarolarning ekologik huquqlarini ta’minlash va atrof-muhitga zararli ta’sir ko‘rsatilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida shaharsozlik faoliyati sohasida jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratadi.

Shaharsozlik hujjatlarining loyihalari qonunda belgilangan tartibda jamoatchilik muhokamasidan o‘tkaziladi” deb mustahkamlangan. Ushbu moddadaning ahamiyati shundaki, birinchidan, fuqarolarning yashash uchun maqbul bo‘lgan tabiiy sharoitlarga ega bo‘lishdek muhim huquqini, shuningdek, har bir fuqaroning atrof tabiiy muhit holati va unda bo‘layotgan o‘zgarishlar haqidagi axborotni olish, hamda tanishish imkoniga ega bo‘lishini belilaydi. Ushbu huquqlarni belgilanishi O‘zbekiston Respublikasi ratifikatsiya qilgan xalqaro hujjatlarni milliy qonunchiligimizga implementatsiya qilishni ta’minlaydi. Ikkinchidan, fuqarolarning muhim ekologik huquqlarni davlat organlari tomonidan amalga oshirish mexanizmlarini belgilashga xizmat qiladi. Jumladan, ekologiya sohasida qabul qilingan qonunchilik hujjatlari, dasturlar va shaharsozlik hujjatlarining ijrosi yuzasidan jamoatchilik nazoratini olib borilishi, shuningdek, barpo etilayotgan uy-joy, ijtimoiy inshootlar va sanoat ob’ektlariga oid qurilish hujjatlarining loyihalari jamoatchilikni xabardor qilish, jamoatchilik eshituvi va ekspertizasidan o‘tkazilishi kabi muhim chora-tadbirlarni o‘z ichiga oladi.

Bundan tashqari, mazkur moddada “Davlat barqaror rivojlanish prinsipiga muvofiq, atrof-muhitni yaxshilash, tiklash va muhofaza qilish, ekologik muvozanatni saqlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi. 

Davlat Orolbo‘yi mintaqasining ekologik tizimini muhofaza qilish hamda tiklash, mintaqani ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan rivojlantirish yuzasidan choralar ko‘radi”-deb ifodalangan. 

Ma’lumki, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2015 yilning 25 sentyabrida Barqaror rivojlanish bo‘yicha o‘tkazilgan sammitida 2030 yilgacha bo‘lgan davrda Barqaror rivojlanishning 17 ta maqsadlaridan iborat dasturiy hujjat qabul qilingan. O‘zbekiston Respublikasi  ushbu halqaro hujjatni amalga oshirish bo‘yicha faol ishlarni amalga oshirmoqda. Xususan, Vazirlar Mahkamasining 21.02.2022 yildagi 83-sonli Qarori bilan “2030 yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirishni jadallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” dasturiy hujjat asosida chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. 

Markaziy Osiyo mintaqasidagi ekologik tahdidlarning markazida albatta, Orol dengizining qurishi bilan bog‘liq murakkab vaziyat yotadi.  Mintaqadagi ekologiya tizimini yaxshilash, biologik xilma-xillikni tiklash, cho‘llanish jarayonlarini oldini olish va aholining ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash hamda iqlim o‘zgarishlariga moslashish kabi dasturiy chora-tadbirlarni amalga oshirish vazifasi davlatning konstitutsiyaviy majburiyatlarni tashkil etadi.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, fuqarolarning huquqiy maqomida ularning majburiyatlari ham muhim ahamiyatga ega hisoblanadi. Konstitutsiyamizning bir necha moddalarida ekologik majburiyatlar va talablar ham belgilangan. Xususan, 61-moddada “Fuqarolar O‘zbekiston xalqining tarixiy, ma’naviy, madaniy, ilmiy va tabiiy merosini asrab-avaylashi shart. Tarixiy, ma’naviy, madaniy, ilmiy va tabiiy meros davlat tomonidan muhofaza qilinadi”-deb ifodalangan. O‘zbekiston zamini nafaqat tarixiy, ilmiy va ijtimoiy meros ob’ektlariga balki, tabiatning noyob, qayta tiklanmas, takrorlanmas va go‘zal maskanlariga boy hisoblanadi. Ba’zilari hattoki, YUNESKO madaniy va tabiiy merosi ob’ektlari ruyxatiga kiritilgandir. Shuning uchun ham ushbu noyob tabiiy yodgorliklarini asrab avaylanishi va ularni har tomonlama muhofaza qilinishi fuqarolarimizning konstitutsiyaviy burchi hamda davlat organlarining ustuvor vazifalari sifatida e’tirof etilgan.

Asosiy Qonunimizning 62-moddasida “Fuqarolar atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishga majburdirlar” deb alohida ta’kidlangan. Chunki, tabiatni muhofaza qilish, turli chiqindilarni tashlashni oldini olish, o‘simlik va hayvonot dunyosi ob’ektlari hamda atmosfera havosini muhofaza qilish bilan faqat davlat organlarining faoliyatini takomillashtirish bilan erishib bo‘lmaydi. Har bir fuqaro o‘zining oilasi, mahallasi, o‘qish va ish joyida tabiatni muhofaza qilish qoida-talablariga qat’iy rioya qilgandagina, o‘zining ekologik madaniyatini namoyish etish orqali atrof tabiiy muhit holatini sog‘lomlashtirish va yaxshilash imkonini beradi. Bir so‘z bilan aytganda ushbu konstitutsiyaviy norma tabiatni muhofaza qilish har bir fuqaroning kundalik yumushi va tashvishiga aylanishini talab etadi.

So‘ngi yillarda global iqlim o‘zgarishi fonida barcha davlatlarda sanoatning rivojlanishi va aholi sonining ortishi iqtisodiyotning tabiiy resurslarga bo‘lgan ehtiyojini keskin oshirmoqda, shuningdek, atrof-muhitga salbiy antropogen ta’sirni kuchaytirmoqda va issiqxona gazlari ajratmalarining ortishiga olib kelmoqda. Mulkdor va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar hamda tadbirkorlar tomonidan aholining turli ehtiyojlarini qondirish maqsadida ishlab chiqarish va xo‘jalik faoliyatini olib bormoqdalar. Shuning uchun ham konstitutsiyamizning 66-moddasida “Mulkdor o‘ziga tegishli bo‘lgan mol-mulkka o‘z xohishicha egalik qiladi, undan foydalanadi va uni tasarruf etadi. Mol-mulkdan foydalanish atrof-muhitga zarar yetkazmasligi, boshqa shaxslarning, jamiyat va davlatning huquqlarini hamda qonuniy manfaatlarini buzmasligi kerak” deb qat’iy mustahkamlangan. Ushbu normaning ahamiyati shundaki, birinchidan, mulkdorning mulkiy huquqlarini kafolatlaydi, ikkinchidan, mulk egalarining har qanday ishlab chiqarish va xo‘jalik faoliyatini ekologik normativ va standartlar doirasida amalga oshirish majburiyatini belgilaydi. Bu esa o‘z navbatida, “yashil iqtisodiyot” tizimini shakllantirishning muhim omili bo‘lib hisoblanadi. 

Ma’lumki, atrof-tabiiy muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va aholining ekologik xavfsizligini ta’minlash O‘zbekiston Respublikasi ekologik siyosatining asosiy yo‘nalishlari bo‘lib hisoblanadi. Konstitutsiyamizning 68-moddasida “Yer, yer osti boyliklari, suv, o‘simlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy resurslar umummilliy boylikdir, ulardan oqilona foydalanish zarur va ular davlat muhofazasidadir” deb mustahkamlanishi davlat ekologik siyosatining muhim strategiyasini belgilaydi. Xususan, ushbu norma birinchidan, har bir davlatning suvereniteti avvalambor uning xududidagi tabiiy resurs va boyliklarga mustaqil egalik qilish huquqi bilan belgilanadi. Shuning uchun ham tabiiy resurslarga nisbatan mulk masalasi muhim ahamiyatga ega bo‘lib, halqimizning umummilliy boyligi ya’ni davlatimizning mulki sifatida konstitutsiyaviy norma bilan mustahkamlanmoqda. Ikkinchidan,  tabiiy resurslardan oqilona foydalanish prinsipi asosida ya’ni, belgilangan ekologik qoidalar va talablarga amal qilgan holda ulardan turli maqsadlarda foydalanish mumkinligi alohida belgilangan. Uchinchidan, tabiiy resurslarning huquqiy holati bevosita davlat organlarining eng muhim vazifasi sifatida muhofaza qilinishini ta’minlaydi.

 O‘z navbatida, ushbu muhim konstitutsiyaviy normaning amalga oshirish mexanizmlari bevosita O‘zbekiston Respublikasining Yer kodeksi, «Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida»gi, O‘zbekiston Respublikasining «Yer osti boyliklari to‘g‘risida»gi, «Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida»gi, «O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida»gi, «Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida»gi, «O‘rmon to‘g‘risida»gi, «Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risida»gi qonunlarida belgilangan.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, 68-moddada shuningdek, quyidagi tahrirdagi norma mustahkamlangan: “Yer qonunda nazarda tutilgan hamda undan oqilona foydalanishni va uni umummilliy boylik sifatida muhofaza qilishni ta’minlovchi shartlar asosida va tartibda xususiy mulk bo‘lishi mumkin”. Yerga nisbatan xususiy mulk huquqini joriy etilishi ilk marta konstitutsiya darajasida  e’tirof etildi. Bundan tashqari, yer mamlakatimiz ekologik tizimining eng muhim resursi bo‘lib hisoblanadi. Shuning uchun ham yerga nisbatan xususiy mulk huquqini joriy etishda birinchidan, yer maydonlaridan faqat oqilona foydalanish prinsipiga to‘liq amal qilgan holda, ikkinchidan, yerni xalqimizning milliy boyligi va davlatimizning mulki maqomidan kelib chiqqan holda belgilangan tartib tamoyillar asosida belgilanishi mumkin.

 Asosiy qonunimizning 79-moddasi birinchi qismida “Davlat yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlari himoya qilinishini ta’minlaydi, ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini rag‘batlantiradi” deb belgilangan. Bu esa o‘z navbatida, aholimizning eng faol qatlami hisoblangan yoshlarga nisbatan davlat siyosatining asosiy yunalishlari sifatida ularning ekologik huquqlarini yana bir bor quvvatlanishini ta’minlashga xizmat qiladi.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki,  O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida davlat organlarining huquqiy maqomiga alohida e’tibor qaratilgan. Ma’lumki, Vazirlar Mahkamasi mamlakatimizda ijro etuvchi hokimiyatni amalga oshiradi. Shuning uchun ham konstitutsiyamizning 115-moddasida hukumatimizning jamiyat va davlat hayoti uchun zarur bo‘lgan eng muhim yunalishlari qatorida quyidagi ekologiya sohasidagi vakolati mustahkamlangan: “Atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy boyliklarni va biologik xilma-xillikni saqlash, iqlim o‘zgarishiga, epidemiyalarga, pandemiyalarga qarshi kurashish hamda ularning oqibatlarini yumshatish sohalarida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta’minlaydi”.

Ushbu norma ekologiya sohasidagi qonunchilik hujjatlari va davlat dasturlari qoida-talablarining ijrosini ta’minlash samaradorligini oshirishga, shuningdek, barqaror ekologik rivojlanish maqsadlariga erishish yulidagi xalqaro hujjatlarning zamonaviy tamoyil va talablarini amaliyotimizga qo‘llash mexanizmini rivojlanishini ta’minlaydi.

Mamlakatimiz davlat boshqaruvi tizimida mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining tutgan o‘rni beqiyos bo‘lib, siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy-ma’rifiy sohalarda muhim faoliyatni amalga oshiradi. Asosiy qonunimizning 123-moddasida viloyatlar, tumanlar, shaharlar hokimlarining muhim vakolatlari qatorida ekologiya sohasidagi vakolatlari quyidagicha belgilangan: “Hududlarni iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ekologik jihatdan rivojlantirishni ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish”. Ushbu muhim norma atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish va aholining ekologik xavfsizligini ta’minlashdek muhim vazifalarni mahalliy hokimliklar zimmasiga yuklash orqali joylarda atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish va tabiat resurslardan oqilona foydalanishni ta’minlashga xizmat qiladi. 

Mamlakatimiz Asosiy Qonunidagi ekologiya sohasidagi normalarning ahamiyati shundaki, birinchidan, fuqarolarning ekologik huquq va erkinliklarini ta’minlaydi, ikkinchidan, atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish tamoyilini konstitutsiyaviy qoida sifatida mustahkamlab, davlat ekologik siyosatining huquqiy asoslarini belgilaydi.

Shuhrat Fayziyev,

Toshkent davlat yuridik universiteti professori, 

yuridik fanlar doktori