Xorij matbuoti O‘zbekiston haqida
Xiva shahrida bo‘lib o‘tayotgan Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar turizm vazirlari yig‘ilishida Islom dunyosi ta’lim, fan va madaniyat tashkiloti (ISESCO) Bosh direktori Salim bin Muhammad Al-Malik ham ishtirok etyapti. Saudiya Arabistoni Podshohligi axborot agentligi SPA hamda 1500 dan ziyod nashrni qamrab olgan yangiliklar platformasi NABD O‘zbekiston Respublikasi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov ushbu yuqori martabali mehmon bilan uchrashganini yoritdi.
Maqolalardan birida tomonlar atrof-muhit muxofazasi, iqlim madaniyatini yuksaltirish va tajriba almashish bo‘yicha ISESCO va vazirlik hamkorligini rivojlantirishni muhokama qilgani qayd etilgan.
ISESCO rahbari tashkilot tomonidan yurtimizda amalga oshirilayotgan dasturlar ijrosini tahlil qilarkan, tuzilmaning islom dunyosida barqaror va yashil kelajak qurishga sodiqligini ta’kidladi. Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish bo‘yicha ijobiy harakatlar rejasini ilgari surish, aqlli, barqaror, moslashuvchan shaharlar barpo etishni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, ekologik ko‘nikmani oshirish orqali innovatsion ekologik konsepsiyani rivojlantirishga ko‘maklashish loyihalari ko‘rib chiqildi.
Qo‘shimcha qilinishicha, ISESCO ayollar va yoshlar uchun ekologiya tizimini saqlash bo‘yicha dastur, seminarlar ishlab chiqish va amalga oshirishni ham rejalashtirgan.
Muharrama Pirmatova, O‘zA